Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ertalab qayerda badantarbiya bilan shugʻullanasiz, qayerda sayr qilasiz?
09:50 / 2020-10-22

Koʻproq jismoniy harakat qilish, sport bilan shugʻullanishga odatlandik. Mutaxassislarning aytishicha, ana shu omillar tufayli bu yil turli yuqumli kasalliklar keskin kamayibdi.


Koronavirus pandemiyasi sabab toza-ozodalikka, toʻgʻri ovqatlanishga, sogʻlom turmush tarziga rioya qilishga eʼtiborimiz oshdi. Koʻproq jismoniy harakat qilish, sport bilan shugʻullanishga odatlandik. Mutaxassislarning aytishicha, ana shu omillar tufayli bu yil turli yuqumli kasalliklar keskin kamayibdi.

Eʼtibor bersangiz bugun istirohat bogʻlari va xiyobonlarda yoki sport maydonlarida ertalab yoki kechqurun sayrga chiqadiganlar, badantarbiya, sport bilan shugʻullanadiganlar avvalgidan ancha koʻpaygan (lekin bu insonlar orasida katta yoshlilar koʻpchilik). Buyam odamlarning salomatlikka, sogʻlom hayot kechirishga befarq emasligidan dalolat beradi.

– Yaqinda koronavirusdan davolandim, xudoga shukr, yengil kechdi, – deydi ertalab Samarqand shahridagi markaziy istirohat bogʻida sayr qilayotgan otaxonlardan biri. – Doʻxtir nafas mashqlari bilan shugʻullaning, ertalab va kechqurun sayr qiling, dedi. Bu yerda archa koʻp, havosi toza, shuning uchun shu yerga kelaman. Samarqand shahridan oqib oʻtadigan katta kanal yoki anhor boʻlmasa-da bir necha ariqlar bor, lekin atrofida yurib boʻlmaydi. Qani endi oʻsha joylarda sayr qilish, sport bilan shugʻullanish uchun sharoit yaratilsa, juda foydali ish boʻlardi-da. Shahar havosi ham ancha toza, moʻtadil boʻlardi.

Haqiqatdan ham, Samarqand shahrida katta anhorlar yoʻq. Ammo Bogʻishamol, Siyobcha, Chashma, Shaar, Jar ariq, Obi Mashhad singari kollektor va kichik ariqlar bor. Afsuski, yillar davomida ular atrofi oʻzboshimchalik bilan egallab olinishi, tartibsiz qurilishlar qilinishi oqibatida irrigatsiya tizimlari kichrayib, koʻp joylari yopilib ketdi. Ochiq joylari chiqindixonaga aylandi, oqavalar shu ariqlarga oʻnglab qoʻyildi. Buning oqibati nima boʻlayotgani ham barchamizga maʼlum – ozgina koʻproq yomgʻir yogʻsa ariqlar atrofidagi uylarni, koʻchalarni suv bosyapti va bundan oʻzimiz jabr koʻryapmiz.

Keyingi paytda shaharda bu kabi kollektor va ariqlar atrofini ochish, tozalash, noqonuniy qurilmalarni buzish ishlari olib borilyapti. Ammo, bu ish sust kechyapti. Ariqdagidan tashqari, uning atrofida ham turli “toʻsiq” va “gʻovlar” uchrayapti. Ularni olib tashlash uchun ancha vaqt, mablagʻ sarflanayotgani, asablar buzilayotgani ham sir emas.

Gap badantarbiya, sport bilan shugʻullanish haqida ketganda toshkentlik doʻstlarimiz poytaxtdagi anhorlar boʻyida buning uchun qulay sharoit yaratilganidan maqtanib gapirishadi. Yilning toʻrt faslida ham anhor boʻyida sayr qilish, yurish, yugurish, sport bilan shugʻullanish mumkin. Qarshi, Urganch, Guliston, Jizzax, Fargʻona shaharlaridan oʻtgan kanal va daryo sohillari ham obod qilinib, aholi hordiq chiqarishi, sayr qilishi uchun imkoniyatlar yaratilganini koʻrganmiz. Samarqand shahrida bunday sharoit yaratish uchun imkoniyatlar juda koʻp, ammo hozircha bunga hafsala yetmayotgandek, nazarimizda.

Shahardagi istirohat bogʻlari va xiyobonlarda sport bilan shugʻullanish burchaklari ochilishi, sport inventarlari joylashtirilishi yugurish va velosipedda harakatlanish uchun yoʻlaklar tashkil etilishi haqida aytilganiga ham bir necha yil boʻldi. Ammo hali bu borada koʻzga koʻrinarli ish bajarilmadi. Alohida sport-sogʻlomlashtirish xiyoboni tashkil etish haqidagi gʻoya ham hozircha gʻoyaligicha turibdi.

Bugun shaharda turizmni rivojlantirish, sayyohlar uchun har tomonlama qulay sharoit yaratish, zamonaviy xizmatlar koʻrsatish boʻyicha koʻplab loyihalar amalga oshirilmoqda. Ana shu jarayonda sport turizmiga ham eʼtibor qaratilmoqda. Samarqandda xalqaro marafonlar, sport musobaqalari oʻtkazish anʼanaga kirmoqda. Endi bunday tadbirlarni oʻtkazish uchun zamonaviy sport inshootlar, xiyobonlar va marafon uchun maxsus joylar ham tashkil etilsa, ayni muddao boʻlardi.

Umuman, bugun odamlar sport orqali sogʻlom turmush tarziga odatlanayotgan ekan, nafaqat Samarqand shahrida, balki tumanlar markazlarida ham sport bilan shugʻullanish uchun sharoit yaratilsa, maxsus xiyobonlar tashkil etishga eʼtibor qaratilsa, bu faqat yaxshilikka xizmat qilardi.