Dehqonchilik hadisini olgan, “yo‘qdan bor” qila oladigan mirishkorlarimiz ko‘p. Yilning to‘rt faslida ham o‘z saxovatini ayamaydigan zaminimiz esa ta’rifga muhtoj emas. Yurtimiz iqlim sharoitida sabzavotlardan yil bo‘yi hosil yetishtirish mumkin.
Qish fasli kirib kelgan bo‘lsa-da, quyosh charaqlab turgan kunlarda tajribali dehqonlar rejalashtirgan ishlarini yakunlab, “to‘sonbosti” usulida turli sabzavot va rezavor ekinlarini ekishmoqda. Sovuqqa chidamli o‘simliklar guruhiga kiruvchi sabzi, lavlagi, ko‘k piyoz, ismaloq, ukrop, petrushka, selderey kabi sabzavot va ko‘katlarni to‘qsonbosti qilib ekish xalqimizni erta bahorda – ilik uzildi mahalida darmondorilarga boy mahsulotlar bilan ta’minlash imkonini beradi.
Buning uchun yuqorida ta’kidlangan ekinlar urug‘ini kech kuzda sovuq va namgarchilik boshlanmasdan ekish zarur. Bu muddatda ekilgan urug‘lar erta ko‘klamda barvaqt unib chiqadi va tez avj olib, hosili bahorda ekilganga nisbatan 25-30 kun ilgari yetilib, hosildorligi 15-20 foizgacha yuqori bo‘ladi.
Shuni ham aytish joizki, sabzavotchilik xo‘jaliklari, shaxsiy tomorqa egalariga bu borada mutaxassislarning tavsiyalari qo‘l kelishi tabiiy.
– Ta’kidlash joizki, to‘qsonbosti qilib ekilgan sabzi va piyoz urug‘i erta ko‘klamda tuproq harorati 3-4 daraja iliq bo‘lganda tez unib chiqadi. Lavlagi urug‘i esa tuproq harorati 5 darajaga yetganda ko‘kara boshlaydi. Piyozning yosh maysalari -5 darajadagi sovuqqa bemalol chidaydi. Lavlagi nihollari esa -3-4 daraja sovuqqa bardosh bera olmaydi, – deydi Farg‘ona viloyati Quva tuman o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limi boshlig‘i Farida Hoshimova. – Viloyatimizning Markaziy Farg‘ona yerlarida, shuningdek, Quva, Toshloq, Yozyovon, Quvasoy, Farg‘ona tumanlaridagi sabzavotchilik xo‘jaliklarida sabzavot ekinlari urug‘ini to‘qsonbosti usulida ekishni noyabrning 2-3 o‘n kunligidan to dekabr oyining birinchi o‘n kunligi oxirigacha amalga oshirish mumkin. Bu yumushlar viloyatimizning Qo‘qon guruhi tumanlarida 25 noyabrdan 25 dekabrgacha o‘tkazilishi zarur.
Ma’lumki, ekilayotgan sabzavotlarning urug‘i yuqori sifatli bo‘lsa, mo‘l hosil olish imkonini beradi. Ayni kunlarda sabzining “Shantane-2461”, “Ziynatli”, piyozning “Nashira”, “Sumbula”, “Oq dur”, “Istiqbol” va “Zafar” navlari, osh lavlagining “Bordo-237”, “Diyor”, “Bikores”, ukropning “Uzbekskiy-243”, “Orzu”, petrushkaning esa “Saxarnaya” va “Nilufar” navlarini ekish tavsiya etiladi. Ushbu sabzavotlar urug‘ini to‘qsonbosti usulida katta maydonlarga ekishda “SON -2.8A” rusumli sabzavot ekish moslamasi bilan lenta shaklida, ko‘sh qatorlab 50+20 sm sxemada yoki sochma usulida ekish mumkin. Kichik maydonlarga esa urug‘larni qo‘lda sepib, ortidan xaskashlab chiqish kerak. Bunda urug‘larni ekish me’yori bahorgi ekishdan bir oz ko‘proq bo‘lib, har bir gektar hisobiga sabzi 8 kg, piyoz 16 kg, osh lavlagi 20 kg, kashnich, petrushka urug‘lari 10 kg gacha sarflanadi. Urug‘larni ekish chuqurligi 2-3 sm dan oshmasligi lozim.
Urug‘ ekilgan egatlar plyonka bilan qoplansa, urug‘lar qishki yog‘ingarchilik, havodagi namlik ta’sirida asta-sekin bo‘rtadi va sovuqqa chiniqadi. Erta bahorda havo harorati noqulay, past bo‘lishiga qaramay, unib chiqqan nihollar jadal o‘sib rivojlanadi.
Sabzavotchilik xo‘jaliklarida yuqorida ta’kidlab o‘tilgan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi ekin maydonlaridan unumli foydalanish hamda xalqimizni ertaki sabzavotlar bilan ta’minlash imkonini beradi.
M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri