Ertaga xokkey boʻyicha tarixiy chempionat boshlanadi
Xokkey boʻyicha tarixiy birinchi Oʻzbekiston chempionati bahslari ertaga start oladi.
Xokkey boʻyicha tarixiy birinchi Oʻzbekiston chempionati bahslari ertaga start oladi.
Oʻzbekiston tarixida ilk bora tashkil etilayotgan ushbu musobaqada poytaxtimizning “Binokor”, “Xumo”, “Semurgʻ” hamda “Toshkent Siti” jamoalari ishtirok etishadi. Oʻyinlar poytaxtimizda yangi qurib bitkazilgan “Ice City” sport-koʻngilochar maskani muz maydonida oʻtkaziladi. Tarixiy birinchi chempionat oʻyinlari ikki oy davom etib, muxlislar jami 24 ta uchrashuvga guvoh boʻlishadi.
8 fevral kuni “Toshkent Siti” hamda “Binokor” jamoalari oʻrtasidagi oʻyin bilan birinchi Oʻzbekiston chempionatiga start beriladi. Shundan soʻng maydonga “Xumo” hamda “Semurgʻ” jamoalari chiqishadi. Chempionatning rasmiy ochilish marosimi esa soat 18:00da boshlanadi.
Muntazam chempionat oʻyinlari 17 mart kuni yakunlanadi. 20 martdan esa ikki raunddan iborat pley-off bahslari boshlanadi. Unda oʻyinlar uchta gʻalabagacha davom etadi.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston xokkey federatsiyasi 2018 yil 28 martda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Federatsiyaning asosiy vazifasi – mamlakatimizda xokkey sport turini ommalashtirish va rivojlantirish, aholi orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, xokkey boʻyicha Oʻzbekiston chempionati va kubogi, mamlakatimiz hududida oʻtkaziladigan xalqaro musobaqalarni tashkil etishdan iborat.