French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ertaga impichment e’lon qilinishi kutilyapti
12:09 / 2024-12-06

Bugun Janubiy Koreya hukmron partiyasi rahbari Xan Don Xun Prezident Yun Sok Yolni harbiy holat joriy etishga uringani uchun hokimiyatdan chetlatish kerakligini aytdi, lekin a’zolarni impichment uchun ovoz berishdan qaytardi.

Seshanba kuni yetakchi “davlatga qarshi kuchlar”ni yo‘q qilish, siyosiy raqiblarini yengish uchun harbiy holat joriy qilib, xalqni va o‘zining “Xalq kuchlari” partiyasi jamoasini hayratda qoldirdi.

Taxminan olti soat o‘tib u parlament, jumladan o‘z partiyasining ba’zi a’zolari mazkur farmonga qarshi ovoz bergach, taslim bo‘lishga qaror qildi.

Asosiy muxolif Demokratik partiya shanba oqshomiga impichment masalasini ovoz qo‘yishni rejalashtirgan. Milliy politsiya muxolifat va faollar tomonidan ilgari surilgan qo‘zg‘olon da’vosi bo‘yicha davlat rahbariga nisbatan tergov boshlagan.

Bugun parlamentda bo‘lib o‘tgan partiya yig‘ilishidan so‘ng intervyu bergan Xan Don Xun Prezident harbiy holat davrida “davlatga qarshi kuchlar” safida bo‘lgani uchun bir guruh taniqli siyosatchilarni hibsga olishga buyruq berganini ma’lum qildi.

Kecha hukmron partiya impichmentga qarshiligini bildirdi, biroq Xan “ishonchli dalillar” asosida Seul janubidagi Kvachxon shahrida siyosiy yetakchilar hibsga olinishi mumkinligini qayd etdi.

– Kutilmagan tartibsizlik tufayli xalq va tarafdorlarga yetkazilgan zararni kamaytirish uchun impichmentning oldini olish niyatimni bildirdim, – dedi Xan. – Shunday bo‘lsa-da, yuzaga chiqqan yangi ma’lumotlar Prezident Yun Sok Yolning vakolati zudlik bilan to‘xtatilishi Koreya Respublikasi va xalqimizni himoya qilish uchun juda zarurligini ko‘rsatyapti.

Impichment mavzusi oddiy qonunchilar ishtirokidagi kengaytirilgan yig‘ilishda ham ko‘rib chiqildi. Taklifni qo‘llab-quvvatlovchi partiya yuqori martabali deputati Cho Kyoung-Te jurnalistlarga har bir partiya a’zosi endi “xalq yonini oladimi yo harbiy holat tarafdorlari bilan hamkorlik qiladimi” o‘zi qaror qilishi lozimligini aytdi. Ko‘pchilik 2016 yil Prezident Pak Kin Xega nisbatan impichment qo‘llangan holat yana takrorlanishini istamasligini bildirdi. Zero, o‘sha voqealar ta’sirida konservativ partiya tarqalib ketib, prezident va umumiy saylovda liberallar g‘alaba qozongan edi.

Hukmron partiyadan besh marta deputatlikka saylangan Yun San Xyon impichmentga qarshi chiqdi va Xan partiyaning yuqori martabali vakillari bilan yetarli darajada maslahatlashmaganidan shikoyat qildi:

– Biz Prezidentga impichment e’lon qilib, rejimni Li Djemyonning Demokratik partiyasiga ishonib topshira olmaymiz. Bu qaror Yun Sok Yolni himoya qilish emas, balki Koreya Respublikasi tizimi va farzandlarimiz kelajagi uchun zarur. Shaxsan men ertaga impichment jarayonida qatnasha olmayman.
Demokrat An Gvi-Ryon fikricha, odamlar allaqachon Yunga ruhan impichment e’lon qilgan.

Anning seshanba kuni parlament oldida askar bilan bahslashib, qurol ushlab tushgan tasviri mamlakatning harbiy holatga qarshiligi ramzi sifatida ijtimoiy tarmoq orqali tarqaldi.

– O‘yin o‘ynayotgan boladek harbiy holat e’lon qilgan rahbarga ishonish mumkinmi, degan Gvi-Ryon. – Kim xalqni bunday rahbarga ishonib topshirardi?
Bir necha soat oldin e’lon qilingan “Gallup Korea” so‘rovi natijasi Prezidentni qo‘llab-quvvatlash reytingi 13 foizga tushib ketganini ko‘rsatgan.

Musulmon Ziyo, O‘zA