Ertaga bir zalvorli kundir
Ijtimoiy tarmoqlarda el tanigan odamlarning hech ikkilanmay shevada, qanday talaffuz qilsa, boricha yozayotganidan ogʻrinaman. Axir, bu ham bir soʻqirlik, bu ham bir hurmatsizlik emasmi?
Qachon imloviy xatolar oddiy voqelikka aylanib ulgurdi ekan-a, deb koʻp oʻylayman…
Ijtimoiy tarmoqlarda el tanigan odamlarning hech ikkilanmay shevada, qanday talaffuz qilsa, boricha yozayotganidan ogʻrinaman. Axir, bu ham bir soʻqirlik, bu ham bir hurmatsizlik emasmi?
Biz shu vaqtga qadar koʻpincha tilimizda gapirishni bilmaydiganlarni, yoʻq-yoʻq, aslida tilimizda gapirishdan or qiladiganlarni koʻproq tanqid qildik. Til bayrami desa topganimiz shu mavzu boʻldi.
Aslida-chi? Aslida tilimiz uchun ular fojia emas. Tilimiz uchun haqiqiy fojia – savodi tobora haminqadar boʻlib borayotgan oʻzimizning qorakoʻzlarda, adabiy tilda yozishni deyarli unutayozgan avlodda!
Eng dahshatlisi, “Yaxshimisiz”ni “Yaxwmsz” deb yozayotganlar bugun allaqachon farzandlar tarbiyalashmoqda. Xoʻsh, ularning ertasi nima boʻladi, degan savol ayni kunlarda bizni koʻproq bezovta qilishi kerak.
“Til bayrami”ni aslida xursandchilik ila nishonlanadigan sana deb emas, aksincha tarixiy zarurat, tilimizni asrab qolish yoʻlida amalga oshirilgan bir xaloskor chora, deb qabul qilaman. Chora-ki, ishqilib, naf bersin!
Naf berar deb oʻtkazilayotgan qoʻsha-qoʻsha tadbirlaru uchrashuvlar tilimizni asrash yoʻlida qanchalik samarali – bu endi alohida mavzu.
“Ertaga til bayrami dam olish kuni boʻladimi?” – deb soʻrayotganlar uchun esa aytar soʻzim ertaga dam olish kuni emas, ertaga zalvorli bir kundir!
Hech boʻlmasa, shu bir kungina oʻzingizga qarang – savodingizga, yozayotgan soʻzlaringizning imlosiga qarang. Hech boʻlmasa shu bir kun ijtimoiy tarmoqlarda xatosiz yozaman, deb oʻzingizga oʻzingiz soʻz bering. Jilla qursa, yaxshi bir asar oʻqing.
Shu til bayramida tilimiz rivojiga qoʻshgan hissangiz boʻladi. Unutmang, tilga hurmatsizlik aslida elga hurmatsizlik. Elni hurmat qilmagan esa el ardogʻida yurishga munosib emas!
Husan Tangriyev