Prezidentimizning 2025 yil 19 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash bo‘yicha respublika miqyosida tizimli va manzilli ishlar olib borilmoqda. Ushbu hujjatda belgilangan vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish, shuningdek, ro‘yxatga olish jarayonlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida tashkilot va idoralarda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonlarini uyg‘un holda tashkil etish, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, soha mutaxassislarining malakasini oshirish hamda jarayonning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu yo‘nalishda “O‘zbekgidroenergo” AJda ham sohaviy seminar tashkil etildi.

Tadbirni “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Bekzod Amirsaidov kirish so‘zi bilan ochib berdi va seminarning asosiy maqsad va vazifalariga to‘xtalib o‘tdi. U aholini ro‘yxatga olishni qishloq xo‘jaligi bilan uyg‘un holda amalga oshirishning strategik ahamiyatini ta’kidlab, bunday yondashuv xarajatlarni qisqartirish, vaqtni tejash va ma’lumotlar sifati hamda to‘lig‘ligini oshirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Tadbirda aholini ro‘yxatga olish mamlakatning demografik, iqtisodiy va ijtimoiy holatini aks ettiruvchi ma’lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, baholash, tahlil qilish va e’lon qilishning yagona hamda yaxlit jarayoni ekani ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, davlatimiz rahbarining mazkur farmoni asosida mazkur tadbir 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralga qadar o‘tkaziladi. Aholini ro‘yxatga olish aholi to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlarning asosiy manbai bo‘lib, kelgusi 10-20 yillik ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni prognoz qilish uchun zarur bo‘lgan muhim ko‘rsatkichlarni aniqlash imkonini beradi.
Ro‘yxatga olish jarayonlari oddiy, ochiq va shaffof tarzda tashkil etiladi. Jumladan, savollar soni dastlab rejalashtirilgan 328 tadan 71 taga qisqartirilib, so‘rov jarayonining samaradorligi ta’minlandi. Ro‘yxatga olish natijasida 38 million aholiga oid yosh tarkibi, oilaviy holati, ta’lim darajasi, migratsiya jarayonlari, ish bilan bandligi hamda daromad manbalari bo‘yicha yagona va yaxlit ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi sohasida yerdan foydalanish holati, chorvachilik va parrandachilikka oid asosiy ko‘rsatkichlar ham aniqlanishi belgilandi.
Ma’lum qilinishicha, aholini ro‘yxatga olish jarayoni uch bosqichda amalga oshiriladi. Dastlabki bosqichda, ya’ni 15 – 31 yanvar kunlari aholiga internet orqali ma’lumotlarni mustaqil ravishda kiritish imkoniyati yaratiladi. Buning uchun fuqarolar census.stat.uz portali orqali OneID tizimi yordamida ro‘yxatdan o‘tib, o‘zi va oila a’zolari haqidagi savolnomani to‘ldirishi mumkin bo‘ladi.

Keyingi bir oy davomida esa “mahalla yettiligi” a’zolari ishtirokida uyma-uy yurish orqali aholidan ma’lumotlar yig‘iladi.

Shuningdek, mutaxassislar tomonidan 2026 yilda O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni o‘tkazishda internet orqali savolnoma shakllarini to‘ldirish bo‘yicha ishlab chiqilgan yo‘riqnoma asosida onlayn ro‘yxatdan o‘tishning har bir bosqichi hamda shakllari yuzasidan batafsil tushuntirish berildi.
Seminar yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar atroflicha javob qaytardi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA