Bugungi kunda jamiyatning eng og‘riqli muammolaridan biri — erta turmush qurish va oilaviy ajrimlar hisoblanadi.Bu masala nafaqat har bir oilaning baxt-saodatiga tahdid solib qolmay, balki umumiy jamiyat barqarorligi va kelajak avlodning sog‘lom, tinch hamda farovon hayot kechirish imkoniyatini ham sezilarli darajada cheklaydi.
Boyovut tumani hokimligida jamiyatda erta turmush va oilaviy ajrimlarning oldini olish, oilaviy munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tuman hokimi Niyoz Hazratqulov, “Nuroniy” jamg‘armasi vakillari, xotin-qizlar faollari va nuroniylar ishtirok etishdi.

Davra suhbatida tuman rahbari hududlarda erta turmush va oilaviy ajrimlarning oldini olishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar, profilaktik ishlar va ularning amaliy natijalarini atroflicha tahlil qildi. Shuningdek, u oilaviy munosabatlarni mustahkamlashda mahalla va jamoatchilik faoliyatining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi:

– Erta turmush va oilaviy ajrimlarning oldini olish nafaqat davlat organlari, balki mahalla, jamoatchilik va har bir fuqaroning faol ishtiroki bilan ta’minlanishi zarur. Mahallada olib boriladigan targ‘ibot va maslahatlashuvlar, jamoatchilik nazorati va yoshlar bilan muntazam muloqot oilaviy qiyinchiliklarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olishda hal qiluvchi ahamiyatga ega, – dedi Niyoz Hazratqulov.

Ishtirokchilar oilaviy nizolarni barvaqt aniqlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va xotin-qizlar hamda yoshlar bilan maqsadli ish olib borish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, mavjud muammolarni bartaraf etish, oilaviy mustahkamlikni ta’minlash va jamiyatda sog‘lom muhitni rivojlantirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
Tadbir yakunida oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash va barqaror, sog‘lom jamiyat muhitini shakllantirishda faol ishtirok etgan nuroniylarga “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri