Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Erta tashxis va diagnostika hayotni saqlab qoladi
10:00 / 2026-01-06

Bugungi kunda saraton kasalliklari nafaqat tibbiyot sohasi mutaxassislarini, balki butun jamiyatni tashvishga solayotgan eng dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har yili millionlab insonlarda turli xil onkologik kasalliklar aniqlanmoqda. Eng xavotirlisi shundaki, saraton ko‘pincha dastlabki bosqichlarda yaqqol belgilar bermasdan rivojlanadi va kech aniqlanganda davolash jarayoni murakkablashadi.

Shu bois, bugungi kunda saraton kasalliklarini erta aniqlash, uning oldini olish, aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni oshirish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, skrining tekshiruvlari, emlash dasturlari va zamonaviy diagnostika usullari orqali saraton oldi holatlarini aniqlash imkoniyati kengayib bormoqda. Bu esa minglab insonlarning hayotini saqlab qolishga xizmat qilmoqda.

Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi endoxirurgiya bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Anvar Tuychiyev saraton kasalligining ilk belgilari, xavf omillari, kasallikni erta aniqlashda skrining tekshiruvlarining o‘rni hamda onkologik kasalliklarni davolashning zamonaviy usullari haqida batafsil gapirib berdi. 

– Saratonning ilk belgilari qanday kechadi?

– O‘sma kasalliklari tibbiyotda asosan ikki guruhga bo‘lib o‘rganiladi: xavfsiz (yaxshi sifatli) va xavfli (yomon sifatli) o‘smalar. Har bir a’zoda rivojlanadigan saratonning belgilari turlicha bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, kasallikning umumiy va o‘ziga xos belgilari mavjud.

Umumiy belgilar qatoriga tez charchash, holsizlik, doimiy uyquchanlik, ishtahaning pasayishi, qisqa vaqt ichida keskin vazn yo‘qotish kabi holatlar kiradi. Bundan tashqari, o‘sma qaysi a’zoda joylashganiga qarab alohida klinik belgilar kuzatiladi. Masalan, o‘pka saratonida davolashga qaramay uzoq vaqt davom etuvchi yo‘tal, bosh miya o‘smalarida esa xotiraning keskin susayishi, bosh aylanishi, ko‘z oldida yot jismlar paydo bo‘lgandek holatlar bo‘lishi mumkin.

– Kasallikni aniqlash va oldini olish jarayonida eng samarali usul nima?

– Hozirgi kunga qadar onkologik kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘luvchi ko‘plab omillar ilmiy jihatdan aniqlangan. Jumladan, bachadon bo‘yni saratonining asosiy sababchisi odam papilloma virusi (HPV) hisoblanadi. Ayniqsa, ushbu virusning 16 va 18-tiplari yuqori xavfli sanaladi.

Shu sababli, bugungi kunda mamlakatimizda Koreya Respublikasi tajribasiga tayangan holda maktab yoshidagi qizlarni HPV’ga qarshi emlash ishlari amalga oshirilmoqda. Kelajakda ushbu emlashni olgan qizlarda virusga qarshi mustahkam immunitet shakllanadi va bachadon bo‘yni saratoni rivojlanishining oldi olinadi.

Aholi orasida emlash masalasida ayrim tushunmovchiliklar uchrab turadi. Biroq, mutaxassis sifatida shuni ayta olamanki, bu emlash samarali va xavfsiz. Bundan tashqari, oshqozon va jigar saratonining ayrim turlarini keltirib chiqaruvchi sabablar aniq bo‘lgani uchun ularning oldini olish imkoniyati mavjud.

– Erta skrining va diagnostika inson hayotini qay darajada saqlab qoladi?

– Mamlakatimizda har yili o‘rtacha 4 ming 500 ga yaqin sut bezi saratoni aniqlanadi. Ushbu holatlarning qariyb 4 000 tasi 45 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bachadon bo‘yni saratoni esa yiliga taxminan 2 000 holatda qayd etilib, shundan 1 ming 950 tasi 35–55 yosh oralig‘idagi ayollarda aniqlanadi.

Shu sababli, skrining dasturlari yosh toifalarini hisobga olgan holda tashkil etilgan. Bugungi kunda bachadon bo‘yni va sut bezi saratoni ayollar orasida keng tarqalayotgani bois, ayollar uchun majburiy skrining tekshiruvlari joriy qilingan. Bachadon bo‘ynidan PAP-test olinib, agar jiddiy patologik o‘zgarishlar aniqlansa, bemorlar onkologiya muassasalariga yo‘naltiriladi.

Avvalgi yillarda kasalliklar asosan kech bosqichlarda aniqlangani sababli davolash samaradorligi past bo‘lgan. Hozirgi kunda esa skrining dasturlari orqali saraton oldi holatlari aniqlanib, davolash natijalari sezilarli darajada yaxshilanmoqda.

– Qaysi toifadagi insonlar saraton rivojlanishi xavfi yuqori bo‘lgan guruhga kiradi?

– Saraton kasalligining paydo bo‘lishida atrof-muhit va insonning yashash tarzi katta ahamiyatga ega. Masalan, uzoq yillar davomida bo‘yoqchilik bilan shug‘ullangan insonlarda qovuq o‘smalari ko‘p uchraydi. Sababi, bo‘yoq tarkibidagi kanserogen moddalar nafas yo‘llari orqali organizmga kirib, buyrak va qovuqda to‘planadi.

Oshqozon saratonining rivojlanishiga esa shifokor nazoratisiz turli dorilarni muntazam qabul qilish sabab bo‘lishi mumkin. Bu holat oshqozon kislotasi ishlab chiqarilishini buzib, gastritga olib keladi va vaqt o‘tishi bilan onkologik jarayonga aylanish ehtimolini oshiradi.

Hozirgi vaqtda erkaklar orasida eng ko‘p uchraydigan onkologik kasallik o‘pka saratoni hisoblanadi. Bo‘limimizdagi bemorlar kasallik tarixini o‘rganish jarayonida 30 bemordan 28 tasi tamaki iste’mol qilishi aniqlangan. Nos chekuvchilarda til saratoni ham ko‘p uchraydi, chunki nos tarkibidagi ohak va kimyoviy moddalar til shilliq qavatini zararlab, uning tabiiy tuzilishini buzadi.

– Saratonni davolash jarayoni nimalardan iborat bo‘ladi?

– Onkologiyada davolash jarayoni har bir bemor uchun individual tarzda olib boriladi. Kasallik 1–2-bosqichda aniqlansa, o‘sma kichik bo‘ladi va jarrohlik amaliyoti orqali uni to‘liq olib tashlash mumkin.

3–4-bosqichlarda esa o‘sma limfa tugunlari va qon orqali tarqalgan bo‘ladi. Bunday holatlarda jarrohlik bilan bir qatorda kimyoterapiya va nur terapiyasi qo‘llaniladi. Oddiy qilib aytganda, kimyoterapiya organizmdagi saraton hujayralarini yo‘q qilishga xizmat qiladi, nur terapiyasi esa o‘sma olib tashlangan sohada kasallik qaytalanmasligi uchun amalga oshiriladi.

Bugungi kunda onkologiyada qo‘shma va kompleks davolash usullari keng joriy etilgan bo‘lib, so‘nggi besh yil ichida davolash imkoniyatlari sezilarli darajada kengaydi.

 

Dildora DO‘SMATOVA 

Suhbatlashdi.