Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Erta nikohning asosiy tashabbuskorlari kattalar ekanligi aniqlanmoqda
15:30 / 2025-12-14

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashida “Erta nikoh – kelajakka xavf: voyaga yetmaganlarni himoya qilishda oila va jamiyatning o‘rni” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Unda deputatlar, davlat tashkilotlari, NNT va ta’lim muassasalari vakillari hamda psixolog va huquqshunoslar ishtirok etdi. 

Tadbirda erta nikoh va voyaga yetmagan qizlarni unashtirish holatlari ko‘plab muammolarga sabab bo‘layotganiga urg‘u qaratildi. Jumladan, qizlarning ta’limdan uzilishi, ularning reproduktiv salomatligi, psixologik bosim va zo‘ravonlik bilan bog‘liq muammolarga duch kelishi kabilar muhokama qilindi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida belgilangan erta nikohning oldini olishga qaratilgan vazifalardan kelib chiqib, “Erta turmush – qadriyat emas!” loyihasi doirasida joylarda qator o‘rganishlar olib borildi.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida jami 144 ta o‘rganish, 55 ta targ‘ibot aksiyalari tashkil etildi. O‘rganishlarda yurtimizning ba’zi hududlarida erta turmush qurish ko‘rsatkichlari yuqorilagani aniqlandi.

Erta nikohlarning asosiy tashabbuskori onalar va keksalar ekanligiga guvoh bo‘lindi. Ularning yoshlar baxtini ko‘rib qolish istagi, ota-onaning qizini yaxshi joyga uzatish xohishi, qizlarning o‘z huquqlarini bilmasligi, oilada ilm olish, o‘qish istagi pastligi, voyaga yetmagan qizlarning homiladorlik holatlari, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar va javobgarlikka oid normalarning tatbiq etilishi va qo‘llanilishida muammolar mavjudligi erta nikohlarga sabab bo‘lmoqda. 

Muhokamalarda voyaga yetmagan qizlarni unashtirish, erta nikoh, erta tug‘uruqlarning oldini olishga qaratilgan ko‘plab chora-tadbirlarga qaramay, bunday salbiy illatlar hamon uchrayotgani ta’kidlandi. 

Erta nikohlarning oldini olishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni kengaytirish, bu borada ota-onalar mas’uliyatini oshirish, ta’lim muassasalarining tarbiyaviy vazifalari hamda mahallalardagi profilaktik ishlarni yanada jonlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, erta nikohni hamda nikoh oldi marosimi o‘tkazishni targ‘ib qilganlik uchun javobgarlik masalasi bo‘yicha amaldagi qonunchilikka qo‘shimchalar kiritishga oid takliflar ilgari surildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA