Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Erta nikoh emas, yetuklik jamiyatni yuksaltiradi
15:32 / 2026-01-08

O‘zbekiston ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – xotin-qizlar huquqlarini, onalar va bolalarning salomatligini himoya qilish, yoshlar taraqqiyoti uchun sharoit yaratish. Shu maqsadda, Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlisida qabul qilingan Oila kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish, ya’ni erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshini 18 yosh etib belgilash zamon talablariga mos, xalqaro standartlarga muvofiq qadam bo‘ldi.

Qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida xorijiy mamlakatlarda nikoh yoshining belgilangani holati ham o‘rganilgan. Jumladan, Rossiya, Armaniston, Tojikiston, Ozarbayjon, Ukraina, Fransiya, Germaniya va Filippinda nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun o‘n sakkiz yosh etib belgilangan.

Mazkur huquqiy yangilik xotin-qizlarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish, erta nikoh va erta tug‘uruq bilan bog‘liq salbiy oqibatlarning oldini olish, yoshlarning ta’lim olish va shaxs sifatida shakllanishi uchun zarur sharoit yaratishga qaratilgan. Biroq, nikoh yoshining qonunan belgilanishi masalasi faqat huquqiy doira bilan cheklanib qolmasligi kerak. Bu masala chuqur ijtimoiy, ma’naviy va psixologik jihatlarga ham ega. Ayniqsa, yoshlarning jismoniy va ruhiy yetukligi, hayotiy tajribasi, mustaqil fikrlashi va kasbiy tayyorgarligi ushbu qarorning amaliy natijalarini belgilovchi muhim omillardan.

Bugungi globallashuv va raqobat kuchaygan davrda yoshlar oldida faqatgina oila qurish emas, balki mustaqil hayotga tayyorlanish, bilim olish, kasb egallash, jamiyatda o‘z o‘rnini topish kabi muhim vazifalar ham turibdi. Ayniqsa, qizlar uchun oliy ta’lim, kasbiy malakaga ega bo‘lish nafaqat shaxsiy rivojlanish, balki kelgusida mustahkam va barqaror oila qurishning ham muhim omili.

Afsuski, amaliyotda universitetga kiriboq yoki talabalikning ilk yillarida turmushga chiqish holatlari hanuz uchrab turadi. Bu esa ko‘plab murakkab muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Talabalik – bilim olish, o‘z ustida ishlash, mustaqil fikrlashni shakllantirish davri. Oila mas’uliyati, ro‘zg‘or tashvishlari, farzand parvarishi bilan bir vaqtda ta’lim olish ko‘pchilik ayollar uchun jismoniy va ruhiy jihatdan nihoyatda og‘ir kechadi.

Natijada, ta’lim sifati pasayadi, qizlarning ilmiy va kasbiy salohiyatini to‘liq namoyon etishiga to‘sqinlik yuzaga keladi. Eng achinarlisi, bu holat jamiyatda ayol kadrlarga bo‘lgan munosabatga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni, “Ayol baribir o‘qishni oxiriga yetkazmaydi”, “Kasbiy jihatdan barqaror bo‘la olmaydi” degan noto‘g‘ri stereotiplar kuchayishiga sabab bo‘ladi. Holbuki, zamonaviy jamiyat rivojini bilimli, mustaqil fikrlovchi va kasbiga sodiq ayol kadrlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Tibbiy tadqiqotlar ham shuni ko‘rsatadiki, ona bo‘lish uchun eng yaxshi davr taxminan 20-34 yosh oralig‘idir. Ushbu yosh davrida homiladorlik natijalari ko‘plab tadqiqotlarda nisbatan ijobiy bo‘lib, jismoniy va reproduktiv salomatlik muhiti ham qulay hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 20-30 yosh oralig‘ida tug‘uruq va homiladorlik bilan bog‘liq xavf omillari masalan, gepatitlar, gipertenziya va gestatsion diabet kabi kasalliklar nisbatan kamroq uchraydi. Qolaversa, ushbu yosh oralig‘ida perinatal salomatlik ko‘rsatkichlari ham yaxshi bo‘ladi.

Mamlakatimizda erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshining 18 yosh etib belgilanishi xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, shuningdek, xalqaro huquq normalariga moslashish yo‘lidagi muhim va tarixiy qadam bo‘ldi. Ushbu norma erta nikoh bilan bog‘liq ko‘plab ijtimoiy, tibbiy va psixologik muammolarning oldini olishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, nikoh yoshining qonuniy chegarasi yoshlarni aynan shu yoshda turmush qurishga undovchi omil sifatida talqin qilinmasligi lozim. Aksincha, bu huquq yoshlarning ongli, puxta o‘ylangan va mas’uliyatli qaror qabul qilishi uchun yaratilgan imkoniyat. Har bir yigit va qiz avvalo o‘zining jismoniy va ruhiy holati, hayotiy maqsadlari, ta’lim va kasbiy rivojlanish darajasini hisobga olgan holda nikoh masalasiga yondashishi zarur.

Ayniqsa, qizlarning oliy ta’lim muassasalariga kiriboq turmush qurishi ko‘plab murakkabliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu holat ta’lim sifatining pasayishi, ayollarning o‘z salohiyatini to‘liq namoyon eta olmasligi, natijada jamiyatda ayol kadrlarga bo‘lgan ishonch va ehtiyojning susayishiga olib kelishi ehtimoldan xoli emas. Bilimli, kasb-hunarga ega, mustaqil fikrlaydigan ayol esa nafaqat o‘z oilasi, balki jamiyat taraqqiyotiga ham beqiyos hissa qo‘shadi.

Demak, barkamol avlodni tarbiyalash yo‘lida yetuklik, bilim va mas’uliyat ustuvor bo‘lishi lozim. Avvalo ta’lim, so‘ng kasb, undan keyin esa baxtli oila bugungi zamon talab qilayotgan to‘g‘ri hayotiy ketma-ketlik. Aynan shu yondashuvgina mustahkam oilalar, sog‘lom onalar va baxtli farzandlar jamiyatini barpo etishga xizmat qiladi.

Dildora DO‘SMATOVA,

O‘zA