FOTOREPORTAJ
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab millionlab ayollar ko‘krak bezi saratoniga chalinadi. Bu kasallikning eng xavfli jihati — uning kech bosqichda aniqlanishidir. Shu sababli oktyabr oyi xalqaro miqyosda “Ko‘krak bezi saratoniga qarshi kurashish oyligi” sifatida belgilangan. “Adolat” SDP tashabbusi bilan tashkil qilinayotgan “Erta aniqla — hayotni saqla!” shiori ostidagi aksiya esa erta tashxislash va kasallikni jilovlashga hissa qo‘shyapti.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hududiy filiali hamda “Adolat” SDP Farg‘ona viloyati Kengashi hamkorligida o‘tkazilayotgan tadbirlarida shifokorlar, partiya faollari, tibbiyot mutaxassislari, onkologik kasallikni yenggan ayollar hamda keng jamoatchilik faol ishtirok etmoqda.
[gallery-25917]
Hozirda Farg‘ona viloyat bo‘yicha 14 ming 250 nafar kishi onkologik kasalliklar bo‘yicha ro‘yxatga olingan. Ular orasida 2 ming 769 nafar ayol ko‘krak bezi saratoniga chalingan. Bu ko‘rsatkichning o‘ziyoq muammoning ko‘lamini anglatadi, ammo profilaktika ishlari kuchaygani, zamonaviy davolash usullari va onkologik xizmatning sifat jihatdan yaxshilanishi tufayli ko‘plab bemorlar sog‘ayib, hayotga qaytmoqda.
Mammografiya — bugungi kunda ko‘krak bezi saratonini ilk bosqichda aniqlay oladigan eng ishonchli skrining usuli hisoblanadi. Shu bois aholi o‘rtasida uning ahamiyatini tushuntirish va keng qo‘llash ayni zarurat. Farg‘ona viloyatida ushbu qurilma yordamida joriy yil boshidan buyon 6 100 nafar ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘riklar jarayonida ilk bosqichdagi saraton belgilari aniqlangan holatlar bo‘yicha bemorlar maxsus shifokorlar nazoratiga olindi va davolash ishlariga yo‘naltirildi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA