English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eronning sobiq Prezidenti saylovda ishtirok etadimi?
18:53 / 2024-06-03

Eron Islom Respublikasining sobiq yetakchisi Mahmud Ahmadinajod mamlakatda bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari prezidentlik saylovida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tdi.

2005-2013 yillarda prezident lavozimida ishlagan bu siyosatchining nomzodi 2017 va 2021 yillarda Konstitutsiyani qo‘riqlash kengashi tomonidan rad etilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, 28 iyunga belgilangan muddatidan oldingi  saylov Ibrohim Raisiy 19 may kuni aviahalokatda vafot etgach, tayinlandi.

Agar nomzodi o‘tsa, Ahmadinajod g‘oliblik uchun asosiy da’vogarlardan biriga aylanadi. Hujjat topshirishdan keyin o‘tkazilgan brifingda u qashshoqlikka qarshi kurash va aholi farovonligini oshirish o‘zi uchun ustuvor vazifa ekanini aytdi.

“Mamlakatdagi har qanday muammoni xalqning fikrini hisobga olgan holda va dunyo bilan konstruktiv hamkorlik natijasida hal qilish mumkinligiga ishonaman”, dedi u.

Mahmud Ahmadinajod 1956 yil 28 oktyabrda Eronning shimoliy muzofoti – Zemnanda tug‘ilgan. Tehron universitetini muhandis mutaxassisligi bo‘yicha yakunlagan. Dorilfunun ta’limidan so‘ng ma’lum muddat Eron gazetalaridan birida jurnalist sifatida faoliyat olib borgan. 1980-1988 yillar davom etgan Eron – Iroq urushi davrida Ahmadinajod ko‘ngilli sifatida urushga yo‘l oladi va Qurolli kuchlarning qator bo‘linmalarida xizmat qiladi.

Urushdan keyin oliy ta’limni davom ettirgan Ahmadinajod 1990 yil Tehron universiteti magistraturasini tamomlaydi va oliygoh ilmiy kengashi a’zosi etib saylanadi. Shundan keyin texnika fanlari doktori unvonini oladi. Ayni shu davrda Ahmadinajod siyosiy sahnaga chiqqan.

Dastlab kichik shahar ma’muriyatida ishlagan bo‘lajak yetakchiga tez orada Eron shimoli-g‘arbida joylashgan Ardabil viloyati gubernatorligi ishonib topshiriladi. 2003 yil siyosiy arbob mamlakat poytaxti Tehron hokimligiga saylanadi.

G.Sattorova, O‘zA