Eronning Livandagi elchisi Mojtaba Amani seshanba kuni elektron peyjer portlashi oqibatida yengil jarohat oldi, deb xabar bermoqda “Fars” axborot agentligi. Qiziq jihati, Livanda ko‘plab bunday qurilmalar portlashi kuzatildi.
– Elchi Amani yengil jarohat bilan hozirda shifoxonada, -deya xabar bermoqda manba.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi livanlik hamkasbi bilan telefon orqali suhbatda “terror hujumini” keskin qoraladi va Livanga Amaniyga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatgani uchun minnatdorchilik bildirdi, deb xabar beradi Eron davlat matbuoti.
Xavfsizlik manbalarining “Reuters”ga ma’lum qilishicha, seshanba kuni Livan bo‘ylab ushbu hodisaga o‘xshash vaziyatda 8 nafar odam halok bo‘lgan, 2000 dan ortiq odam, jumladan, Hizbulloh jangarilari va shifokorlar aloqa qilish uchun foydalanadigan peyjerlar portlashi oqibatida yaralangan.

Livan Sog‘liqni saqlash vaziri Firas Al-Abyad mamlakat bo‘ylab Hizbulloh a’zolari tomonidan foydalaniladigan peyjerlarning portlashi oqibatida sakkiz kishi, jumladan, bir bola halok bo‘lgani va 2800 ga yaqin odam jarohatlanganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jarohatlarning aksariyati "qo‘llar yoki oshqozonda" edi. Uning qo‘shimcha qilishicha, yaradorlardan 200 nafarining ahvoli og‘ir.
Anonimlik sharti bilan gapirgan Hizbulloh rasmiysining aytishicha, peyjerlarning portlatilishi guruh Isroil bilan deyarli bir yil davom etgan urushda duch kelgan "eng katta xavfsizlik buzilishi" bo‘lgan.