Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eronning beqarorlashuvi mintaqa tinchligi uchun tahdid soladi(mi)?
18:55 / 2026-01-20

“The Wall Street Journal” nashri Eronning ichki muammolari va hozirgi vaziyatning qo‘shni davlatlarga ta’siri haqida maqola chop etdi. Xususan, nashr mamlakat ko‘p millatli bo‘lib qolishi va chegaralari tarixan etnik va ijtimoiy-iqtisodiy xilma-xillikni aks ettirishiga urg‘u bergan.

Maqolada ichki mojarodan tortib tashqi aralashuvgacha bo‘lgan keskin ssenariylar qo‘shnilar hamda Rossiya va Turkiya kabi yirik kuchlarda xavotir uyg‘otayotganidan ogohlantirilgan. Zero, ayni jarayonda mintaqaviy barqarorlik dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, Eron mintaqalari o‘rtasidagi tafovut asosan ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatga egaligi, tashqi hududiy da’volar bilan bog‘liq emasligi ta’kidlangan.

– Erondagi keyingi voqealar butun Yaqin Sharq, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo uchun muayyan oqibatlarga olib keladi, – deya xulosa qilgan mualliflar.

Yaqinda “Hudson Institute” tahlilchilari ham Eronga qo‘shni mamlakatlar, xususan Ozarbayjon, Armaniston va Gruziya norozilik namoyishining ehtimoliy ta’siridan xavotirda ekanini yozgan edi.

INTERNSHIP OPPORTUNITY: HUDSON INSTITUTE | Nelson A. Rockefeller Center for  Public Policy at Dartmouth

 

Mazkur davlatlar uchun hozirgi beqarorlik natijasida yuzaga keladigan iqtisodiy yo‘qotish asosiy xavf sifatida tilga olingan. Zero, har uch davlat Islom Respublikasi bilan turli darajada savdo aloqasini saqlab kelmoqda. Masalan, Ozarbayjon Rossiya va Eron o‘rtasida muhim tranzit maskani vazifasini o‘taydi. Armaniston Turkiya va Ozarbayjon bilan nisbatan yopiq chegaralar sharoitida Eronni muhim iqtisodiy yo‘l, deb biladi. Gruziyaning Eron bilan savdosi so‘nggi yillarda barqaror rivojlanmoqda.

Faqat AQSHning Islom Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni davom ettirayotgan mamlakatlarga 25 foiz tarif joriy etish tahdidi qo‘shimcha noaniqlik omili bo‘lib qolmoqda. Janubiy Kavkaz iqtisodiyotiga bevosita ta’siri cheklangan esa-da, ayni chora umumiy beqarorlik asnosida mintaqaga bosimni kuchaytirishi mumkin.

Перvaя часть описания "Восточных Балкан". Что есть Kavkaz? - 30.04.24 13:58  | Пикабу

Xavotirli yana bir sabab – gumanitar inqiroz chuqurlashuvi ehtimoli mavjudligi. Agar Erondagi vaziyat keskin yomonlashsa, Janubiy Kavkaz mamlakatlari qochqinlar oqimiga duch kelishi mumkin. Bu mavjud iqtisodiy-ijtimoiy tizimga qo‘shimcha yuk bo‘ladi. Qolaversa, Eron bilan quruqlik chegarasiga ega Armaniston va Ozarbayjon uchun etnik ozchilikning ahvoli alohida tashvish tug‘diradi. Aniqrog‘i, Yerevan qo‘shni yurtdagi arman jamoasi uchun xavf borligidan xavotirda, Boku esa mamlakat shimolidagi etnik ozarbayjonlar zich joylashgan hududlardagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda.

Shu nuqtai nazardan ekspert Erondagi beqarorlik Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tinchlik jarayoniga ham bilvosita salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlaydi.

Umuman, Janubiy Kavkaz mamlakatlari Islom Respublikasida barqarorlik saqlanishidan manfaatdor. Binobarin, hozircha voqealar rivojini oldindan aytib bo‘lmayapti.

Xullas, 2026 yil boshidan ushbu mintaqada geosiyosiy keskinlik va shu bilan birga Eron atrofidagi vaziyat mintaqaviy xavfsizlikning asosiy omiliga aylanishi mumkinligi ehtimoli kuchaydi.

S.Rahimov, O‘zA