Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eronning arzon dronlari nega jiddiy xavf tug‘dirmoqda?
14:23 / 2026-03-06

AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi harbiy amaliyot boshlanganda Islom Respublikasining raketa salohiyati “butunlay yo‘q qilinishini” aytgan edi. Olti kun davomida Tehron mintaqadagi nishonlarga qarata 2000 dan ko‘p arzon dron uchirib, raqib xavfsizlik tizimini bosim ostida qoldirdi. Demak, Eronning dron dasturi munosib baholanmagani ma’lum bo‘ldi.

Bu hujumlarda asosan “Shahid” rusumli kamikadze dronlardan foydalanilmoqda. Ushbu uchuvchisiz uchoqlar nishonga urilishi bilan portlaydi va jiddiy vayronalik keltirib chiqaradi. Shu paytgacha AQSH harbiylari uchun eng halokatli hujum sifatida 6 nafar amerikalik askar halok bo‘lgan Kuvaytdagi bazaga qilingan dron zarbasi tan olingan.

Eron dronlarni asosan AQSHning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilariga qarshi qaratgan. Zarbaga uchragan hududlar orasida Kipr, Isroil, Iordaniya, Iroq, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari va O‘mon bor. Ayrim hollarda elchixonalar, energiya infratuzilmasi, aeroport va mehmonxonalar ham nishonga olingan. Masalan, Bahrayn poytaxti Manamada Qo‘shma Shtatlarning Beshinchi floti shtabi yaqinidagi radio-eshitish moslamasi dron zarbasi natijasida vayron bo‘lgani tasviri tarqaldi. Dubayda esa “Palm Jumayra” sun’iy orolidagi mehmonxonaga dron urilib, kuchli portlashdan so‘ng yong‘in chiqqan.

Energetika sohasi ham jiddiy zarar ko‘rdi. Saudiya Arabistonidagi Ras-Tanura neftni qayta ishlash majmuasi dron parchasi zarbi tufayli kelib chiqqan yong‘in sabab vaqtincha faoliyatini to‘xtatdi. Qatarda esa suyultirilgan tabiiy gaz eksport qiladigan yirik terminal dron hujumi ta’sirida yopildi.

Qizig‘i shundaki, bunday qurollar ancha arzon. “Shahid-136” dronining narxi taxminan 20 000-50 000 dollar atrofida, uzunligi taxminan 3,5 metr, qanotlari kengligi 2,5 metr, bosh qismida 50 kilogrammgacha portlovchi modda joylashadi.

Sun’iy yo‘ldosh yordamida oldindan dasturlangan yo‘nalish bo‘yicha harakatlanadigan,nisbatan past uchadigan mazkur uchoqni radar oson aniqlay olmaydi. Dron yerdan raketa-tezlatgich yordamida uchiriladi va 2500 kilometrgacha masofani bosib o‘ta oladi.

Mutaxassislar fikricha, Eron dronlarni odatda guruh-guruh holda uchirib, havo mudofaasi tizimini zo‘riqtirishga harakat qiladi.

Qisqasi, AQSH va ittifoqchilar bunday arzon dronlarni yo‘q qilish uchun juda qimmat raketa va mudofaa vositalaridan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.

Ayrim tahlilchilar bunday strategiya nafaqat harbiy, balki ruhiy bosim o‘tkazishga maqsadini ham ko‘zlashiga e’tibor qaratgan. Ya’ni, Eron dron hujumi orqali mintaqada xavf hissini kuchaytirib, AQSH tezroq o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga majbur bo‘lishini kutyapti.

Darvoqe, Pentagon ham shunga o‘xshash arzon qurilma ishlab chiqqan. “Lukas” nomli bu tizim so‘nggi kunlarda ilk bor jangda qo‘llangani ma’lum.

So‘nggi ma’lumotlarda qayd etilishicha, AQSH va Isroil zarbalari tufayli Eronning dron va raketa hujumi keskin kamaygan. Vashington qo‘shini qo‘mondoni admiral Bred Kuper birinchi kunga nisbatan o‘zi uchar moslamalar 83, ballistik raketalar 90 foiz kamayganiga urg‘u bergan. Binobarin, ekspertlar Tehron yana qancha vaqt bosimga bardosh bera olishi hamon noaniqligini ta’kidlamoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA