Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eronning AQSH va Isroil bilan urushi muqarrarmi?
23:10 / 2026-01-14

“AQSH va Isroil Eronga zarba berishdan tiyilsa ham, Islom inqilobi korpusining o‘zi harbiy harakat boshlashi ehtimoldan xoli emas. Ayni payt Islom Respublikasi hukumati muzokaraga ham, urushga ham tayyor ekanini bildirmoqda.”

Shunday jumlalar bilan boshlangan “Yevronyus” maqolasida Eronda davom etayotgan inqiroz atroflicha tahlil qilingan:

– Eron Islom Respublikasi uchun eng jiddiy, tahdid soluvchi xavf hech qachon tashqi tomondan bo‘lmagan, doim ichki omildan kelib chiqqan. Bunday xatar zamirida davlat tomonidan yillar davomida muvaffaqiyat bilan qo‘llab kelinayotgan “o‘zimizniki” va “begona”larga ajratish siyosati yotadi.

Birinchi guruhga tizimga sodiq shaxslar va guruhlar kiradi: ular iqtisodiy jihatdan davlatga bog‘langan, o‘zini islom va diniy qadriyatlar posboni sifatida ko‘radi, jamiyatga aksil imperial hamda aksil demokrat mafkurani singdirishga urinadi. Ular mamlakat “pok islomiy qadriyatlar” asosida boshqarilishi kerak, deb hisoblaydi.

Ikkinchi guruh vakillari ham dinga, islomga qarshi emas. Ular shunchaki oddiy va erkin hayot kechirishni istaydi. Ya’ni, shaxsiyati va insoniyligi davlatning doimiy nazoratida bo‘lmagan, tashqi dunyo bilan erkin muloqot qila oladigan, shaxsiy erkinligi tizimli ravishda cheklanmaydigan turmushni istaydi.

Islom Respublikasida bunday intilish va qarash ko‘pincha “ortiqcha dabdaba” sifatida inkor etiladi yoki “g‘arbiy”, shu sababli noqonuniy, deya tamg‘alanadi.

Hozir mamlakat bo‘ylab qo‘zg‘olon ko‘targanlarning aksari aynan shu ikkinchi guruhga mansub, deyish mumkin. Ular ko‘p yil davomida qatag‘onga uchragan, bugun esa eng oddiy iqtisodiy xavfsizlikdan ham mahrum bo‘lgan fuqarolar qatlamidir. Qariyb yarim asr davomida ularning ovozi inobatga olinmadi. Shu bois endi bu qatlamni hech nima to‘xtata olmasa kerak.

O‘tmishda bu guruh vakillarining ko‘pchiligi Isroil yoki AQSH bilan to‘qnashuv chog‘i davlatni sukut saqlagan holda qo‘llab-quvvatlar, bunday vaziyatni milliy suverenitetni himoya qilish, deb bilardi. Bugun esa bu pozitsiya deyarli yo‘qolgan.

Vatanparvarlik tuyg‘usi o‘rnini endi “och qorin” muammosi va “toptalgan orzular” armoni egalladi. Yuqori lavozimli amaldorlar ishtirok etgan yoki qarshi tura olmaganlar tomonidan indamay qabul qilingan keng ko‘lamli korrupsiya Eron iqtisodiyotining asosiy belgisiga aylandi. G‘arb sanksiyasi, shubhasiz, iqtisodiyotga zarar yetkazdi va shu bilan birga surunkali boshqaruvsizlik va muvaffaqiyatsizlik uchun qulay bahona bo‘lib xizmat qildi.

Isroil va AQSH hujumi avj olgan payt Eron rahbariyati qisqa muddatga fors millatchiligini islomiy ayniyat, ya’ni islomga asoslangan diniy o‘zlik bilan uyg‘unlashtirib, o‘z legitimligini mustahkamlashga urindi. Taranglik yumshashi bilan davlat yana odatiy siyosatga, qatag‘on, qo‘rqitish va majburlash usuliga qaytdi.

Sir emas, Isroilning “Mossad”i va AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi hozir Eron ichida faol harakat qilmoqda. Ular tartibsizlikdan foydalanib, tashqi bosim bilan erishib bo‘lmagan maqsad – mamlakatni falaj qilish va oxir-oqibat tizimni ag‘darishga ichki yo‘l bilan erishishga intilmoqda.

Paradoks shundaki, qisqa muddatda Islom Respublikasini hozirgi og‘ir ahvoldan vaqtincha chiqarishi mumkin bo‘lgan yagona yo‘l AQSH yoki Isroil tomonidan ehtimoliy hujumni cheklab turishdir. Agar hujum amalga oshsa, bu holat Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga “xoinlar” va “terrorchilar”ga qarshi kurash shiori ostida repressiyani kuchaytirish imkoni paydo bo‘ladi. Ehtimol, bunda jamiyatning ikkilanayotgan yoki siyosiy jihatdan betaraf qatlamlari vaqtincha birlashadi.

Ma’lumki, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bevosita Eron Oliy rahbari Ali Humonaiyga bevosita hisobdor bo‘lib, siyosiy va iqtisodiy ta’siri davlat rasmiy armiyasidan ko‘raa kuchli hisoblanadi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp ochiqchasiga ogohlantirib, Eron hukumati namoyishchilarga qarshi o‘q uzsa, Qo‘shma Shtatlar ham javob qaytarishini aytdi va “yordamni kuting” deya qo‘shimcha qildi. Agar Vashington va Tel-Aviv zarba berishdan tiyilsa, Tehronning o‘zi baribir harbiy harakat boshlashi ehtimoli bor. Eron rasmiylari muzokaraga ham, urushga ham tayyor ekani, hatto zarba muqarrar, deb topilsa, oldindan hujum qilishi haqida ochiq gapira boshladi.

Keng tarqalgan taxminga qaramasdan, oliy rahbar Ali Humonaiy o‘ldirilishi rejim qulashiga olib kelishi dargumon. Aksincha, bu ommaviy qasos va qon to‘kilishiga bahona bo‘lishi, Eronni Suriya kabi parchalanish yo‘liga yetaklashi mumkin. AQSH va Isroil maxsus xizmatlari nuqtai nazarida Humonaiyni chetlatish yoki tizimni zaiflashtirib, boshqaruvga yangi shaxsni qo‘yish “qarshi o‘q”ning so‘nggi ustunini yo‘q qilish vositasi sifatida ko‘rilyapti.

Shuningdek, Eron to‘liq taslim bo‘lishi yoki Vashington bilan muzokara oson yakunlanishi ehtimoli ham kam. Mamlakatga quruqlik orqali bostirib kirish ehtimoli juda past. Bunday harakat faqat Humonaiyni o‘ldirishga qaratilgan maxfiy amaliyot doirasida amalga oshirilishi mumkin. Havodan zarba berilsa, Ormuz bo‘g‘ozi yopiladi va Eron raketalarining Fors ko‘rfazidagi AQSH harbiy-dengiz kuchlari va bazalariga hujum ro‘y berishi ehtimoldan xoli emas. Aynan shunday voqelik Vashington oldiga qiyin tanlov qo‘yadi.

Yaqin Sharq markazida joylashgan Eron mintaqadagi ta’sir kuchini ancha yo‘qotdi. Masalan, Livandagi “Hizbulloh” jiddiy zaiflashgan, Suriyada Bashar Asad ag‘darilgan. Balki, shu sababdan mazkur mamlakat ham beqarorlikning ehtimoliy markazi bo‘lib qolayotgandir. Cho‘zilgan ichki mojaro keng ko‘lamli ijtimoiy parokandalikka olib kelib, qo‘shni davlatlar, ayniqsa Ko‘rfaz arab davlatlariga ta’sir qilishi muqarrar. Ayni shu xavf AQSHni harbiy harakatdan tiyib turuvchi asosiy omillardan biri, deyish mumkin. Tramp hozirgacha namoyishchilar orasida tez-tez tilga olinayotgan Rizo Pahlaviyni qo‘llab-quvvatlash yoki u bilan uchrashishdan tiyilib kelayotganiga sabab ham shudir?! Bu holat Tramp Venesuelada Xuan Guaydoni qo‘llab-quvvatlashdan oldin biroz ikkilanganini eslatyapti. Ayni payt Vashington Eron ichkarisidagi kuchlar nisbati qanday shakllanishini kutyapti.

Hukumat hali bor kuchini ishga solgani yo‘q, ko‘chalarga tanklar chiqarilmagan, butun mamlakat bo‘ylab harbiy holat yoki komendantlik soati e’lon qilinmagan.

Oqibatda endigi namoyish Islom Respublikasi tarixidagi eng qonli voqealarga aylanishi mumkin. Milliy armiya to‘qnashuvga aralashishdan bosh tortsa yoki politsiya va xavfsizlik kuchlari davlat bilan aloqani uzsa, hal qiluvchi burilish yuz berishi mumkin. Hozircha bunday nomuvofiqlikning yaqqol belgilari ko‘ringanicha yo‘q.

Siyosatshunoslik tez o‘zgarayotgan vaziyatda qat’iy faraz berishdan ogohlantiradi. Bu qo‘zg‘olon 1979 yildagi kabi inqilobga aylanib, mavjud tizimni ag‘daradimi yoki yo‘qmi, aytish haliyam qiyin.

Bir narsa aniq: Tramp tobora qat’iy, harbiy harakatga moyil bo‘lib bormoqda. Uning shaxsiy uslubi dramatik natijani xush ko‘rishida namoyon bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan Amerika yetakchisiga Humonaiyning asir olinishi yoki butunlay yo‘q qilinishi ma’qul. Har ikki holat – Eronga qarshi harbiy harakat yoki Humonaiy chetlatilishi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga norozilikni bostirish, erkinlikni bo‘g‘ish, istalgan eronlikning ovozini o‘chirish uchun keng yo‘l ochadi.

Korrupsiya, tengsizlik, qatag‘on va hisob bermaydigan hukmron elitaning aksil imperial ritorikasi bilan qo‘zg‘atilgan eronliklar g‘azabi avvalgidek davriy xususiyatga ega emas. Shunday vaziyatda ham, hatto tizim minglab insonlar hayoti evaziga namoyishni bostirishga muvaffaq bo‘lsa ham Eron inqirozi hal etilmay qolaveradi.

Kul ostidagi cho‘g‘ so‘nmaydi, jamiyat esa yanada keskin qutblashadi.

K.Bekjonov tayyorladi. O‘zA