Xabaringiz bor, Eronda ayni vaqtda urush nafasi kezib yuribdi. Isroil va AQSH bilan mojaro ortidan Eron va aynan Tehron kuchli hujumlar ostida qolgan. Bilasiz, Tehron klubi sanalgan "Persepolis" va "Istiqlol" safida 4 nafar hamyurtimiz to‘p tepadi. Xususan, "Persepolis" tarkibida Oston O‘runov va Igor Sergeyev harakat qilsa, "Istiqlol" sharafini Jaloliddin Masharipov hamda Rustam Ashurmatov himoya qiladi. Shuningdek, Tabrizning "Traktor"" klubi tarkibida ham yana bir futbolchimiz Odil Xamrobekov bor. Xo‘sh, urush boshlandi va ular hozir qayerda? Nimalar bilan band? Shu haqda batafsil.
Urush boshlanganidan so‘ng Igor Sergeyev va Oston O‘runov jamoasi bilan birgalikda Tehronni tark etgan. Ma’lum bo‘lishicha, futbolchilarimiz dastlab avtobusda uzoq yo‘l yurib, Turkiyaga borgan. So‘ngra Turkiya orqali O‘zbekistonga yetib kelgan.
Shuningdek, Hamrobekov ham eng birinchilardan bo‘lib Toshkentga yetib kelgan. Rustam Ashurmatov dastlab Dubayga yo‘l olgan va keyin u ham Toshkentga yetib kelgan. Jaloliddin Masharipov esa ancha avval jarohat olgandi va urush boshlanmasidanoq Italiyada jarohatidan tiklanish ishlarini olib borayotgandi.
Bilganingizdek, hamma futbolchilarimiz sog‘-salomat. 4 nafari O‘zbekistonda bo‘lsa, 1 nafari xavfsiz hudud sanalgan Italiyada reabilitatsiya jarayonini davom ettiryapti. Biroq bilasiz, terma jamoamizni oldinda Jahon chempionati kutib turibdi. Mazkur Mundialda yuqorida sanagan barcha futbolchilarimiz sog‘ bo‘lib tursa, ishtirok etishi kutilyapti va ular termamizning asosiy futbolchilari sanaladi. Jahon chempionatigacha hali 3 oy vaqt bor va ular sport formasini ushlab turishi kerak. Har holda, Erondagi vaziyat hali so‘roq ostida.
Xo‘sh, bu vaziyatda futbolchilarimiz qanday yo‘l tutadi?
O‘zPFL rahbari Diyor Imomxo‘jayev Chempionat Aziya nashriga bergan intervyusida shunday degandi:
"Agar FIFA xuddi Rossiya va Ukrainadagi kabi futbolchilarga Eron klubini bir tomonlama tark etish huquqini bersa va O‘zbekistonga boshqa assosiatsiya klubidan keladigan futbolchini transfer oynasidan tashqari olishga ruxsat bersa, biz o‘zimizning o‘yinchilar uchun ro‘yxatdan o‘tishni ochishga tayyormiz. Bizda mavsum endigina boshlandi va bu narsa hech qanday sport yaxlitligiga ta’sir qilmaydi. Barchasi O‘zbekiston terma jamoasining manfaati yo‘lida bo‘ladi.”
Demak, futbolchilarimiz uchun eng yaxshi va oson yo‘l O‘zbekiston Superligasi klublariga joylashish va klublarimiz safida to‘p tepib, o‘z sport formasini ushlab turish bo‘lsa kerak. Buning uchun albatta Diyor Imomxo‘jayev ta’kidlaganidek, FIFA ruxsati kerak bo‘ladi.
Xususan, Oston O‘runov sports.uz. nashriga bergan intervyusida "Andijon"ga o‘tishi mumkinligini yashirib o‘tirmadi:
“Ayni damda jamoani Samvel Babayan boshqarmoqda. U murabbiy qo‘l ostida ancha murakkab vaziyatdan chiqib ketganman. U kuchli psixolog va yaxshi murabbiy. "Navbahor" safidagi o‘yinlarim orqali yana terma jamoaga qaytishim va futbolchi sifatida qayta shakllanishimda u insonni o‘rni katta.”
Ya’ni Oston O‘runov yana bir bor Samvel Babayan bilan ishlashi mumkinligini inkor qilmayapti.
Ayni vaqtda Rustam Ashurmatov va Oston O‘runov O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiylari nazoratida Toshkentda mashg‘ulot o‘tkazishmoqda. Igor Sergeyev va Odil Hamrobekov sport formasini ushlab turish maqsadida Paxtakor jamoasi mashg‘ulotlarida qatnashishmoqda. Bundan tashqari, Odil Hamrobekov va Igor Sergeyev faoliyatini "Paxtakor" safida davom ettirishi mumkinligi to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lyapti.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/9lXqlraQA5g" title="Termamiz yulduzlari Superligaga joylashyapti" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Karim Xudoyqulov, Oybek Davronov, O‘zA