Donald Tramp Eron ishtirokida savdo qilgan har qanday mamlakatga AQSH bilan barcha savdoda 25 foizlik boj qo‘llanishini e’lon qildi. Bu chora Tehronda davom etayotgan norozilik namoyishlariga Vashington javob choralari ishlab chiqayotgan paytga to‘g‘ri keldi.
Tramp o‘z ijtimoiy tarmog‘ida “Qaysi mamlakat Islom Respublikasi bilan biznes qilsa, 25 foiz boj to‘lashi shart, buyruq darhol kuchga kiradi va yakuniydir”, – deb yozdi.
Eron ko‘p yildan beri Vashington sanksiyasi ostida bo‘lib, neft eksportini asosan Xitoyga amalga oshiradi, boshqa yirik savdo sheriklari Turkiya, Iroq, BAA va Hindiston hisoblanadi.
AQSH qaror tafsilotini oshkor qilmagan, Oq uy saytida rasmiy hujjat mavjud emas, qonuniy asos ham keltirilmagan. Shuningdek, boj siyosati Eronning barcha sheriklariga taalluqli bo‘ladimi yoki yo‘qmi, bu ham noma’lum.
Xitoy elchixonasi Tramp qarorini keskin tanqid qilib, holatga javoban barcha zarur choralar ko‘rilishini bildirib, “har qanday noqonuniy sanksiya uzoq muddatli hamkorlikka to‘siq" ekanini ma’lum qildi. “Boj va savdo urushida g‘olib bo‘lmaydi, bosim muammoni hal qila olmaydi”, – degan elchixona vakili.
Yaponiya va Janubiy Koreya ham vaziyat diqqat bilan kuzatib borilayotgani, vaziyat to‘liq aniqlangach, javob choralari ko‘rilishini bildirdi.
Eron o‘tgan yil Isroil bilan 12 kunlik urush o‘tkazgan, mamlakat yadro ob’ektlari AQSH tomonidan bombardimon qilingan. Iqtisodiy qiyinchilik bilan bog‘liq e’tirozlar tufayli avj olgan hozirgi norozilik rejim iste’fosini talab qiluvchi keng ko‘lamli chiqishga aylandi. HRANA huquq tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 28 dekabr kuni boshlangan qo‘zg‘olonda 599 kishi halok bo‘lgan – 510 namoyishchi, 89 nafar xavfsizlik xodimi.
Oq uy matbuot kotibi ta’kidlashicha, Tramp uchun diplomatiya har doim birinchi variant, ammo ayni vaziyatda Prezident harbiy yoki iqtisodiy bosim, jumladan boj qo‘llash masalasini ham ko‘rib chiqmoqda.
Trampning savdo siyosati va boj joriy qilishi sud nazoratida bo‘lib, Oliy sud mavjud bojlar to‘plamini bekor qilishi mumkinligi muhokama qilinmoqda.
Zero, bunday qaror Eronning ichki siyosiy vaziyatini yanada tang ahvolga solishi, xalqaro savdo oqimiga ta’sir qilishi va Yaqin Sharqdagi geosiyosiy muvozanatni salbiy tomonga o‘zgartirishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA