Eronda iqtisodiy muammolar tufayli yuzaga kelgan norozilik namoyishlarida halok bo‘lganlar soni 646 kishiga yetdi.
Xabarlarga ko‘ra, 31 ta hududda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlarida 505 nafar namoyishchi, 133 nafar xavfsizlik xodimi va bitta prokuror halok bo‘lgan. Namoyishlar paytida hibsga olinganlarning umumiy soni 10 ming nafardan oshgan.
Ta’kidlanishicha, davom etayotgan notinchliklarda minglab odamlar jarohat olgan. Jarohatlarning aksariyati rezina o‘qlar va metall sharlar qo‘llanilishi natijasida yuzaga kelgan. Biroq Eron rasmiylari norozilik namoyishlari paytida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar soni haqida hali hech qanday bayonot bermadi.
Eslatib o‘tamiz, Erondagi norozilik namoyishlari 2025 yil 28 dekabr kuni Tehrondagi tarixiy Katta bozorda bo‘lib o‘tdi. Savdogarlar milliy valyutaning xorijiy valyutalarga nisbatan keskin pasayishi va iqtisodiy qiyinchiliklarning kuchayishi tufayli norozilik namoyishlarini boshladilar. Noroziliklar tezda mamlakat bo‘ylab ko‘plab shaharlarga tarqaldi.
Ayniqsa, 8 yanvar kuni Tehrondagi norozilik namoyishlari keskin avj oldi. Tartibsizliklar paytida namoyishchilar avtobuslar va tez yordam mashinalari, 24 ta turar-joy binolari, 25 ta masjid, 2 ta kasalxona, 26 ta bank va boshqa davlat va jamoat binolari kabi ko‘plab binolarni yoqib yubordi va vayron qildi.
G.Sattorova, O‘zA