Erondagi keskinlik Yevropa uchun yangi qochqinlar to‘lqiniga sabab bo‘lishi mumkin
Germaniya Kansleri Fridrix Mers Erondagi vaziyat yanada yomonlashsa, Yevropa davlatlari yangi qochqinlar oqimiga duch kelishi mumkinligini taxmin qildi. Uning aytishicha, GFR 2015-yil Suriya urushi ortidan yuzaga kelgan migratsiya inqirozi takrorlanishini istamaydi. Shu bois Berlin Eronda barqarorlik saqlanib qolishiga jiddiy ahamiyat qaratmoqda.
Mers Myunxenda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Eron aholisi 90 milliondan ziyod ekanini ta’kidlab, mamlakatdagi beqarorlik kuchli immigratsiya keltirib chiqarishi mumkinligini aytdi. Hozircha hukumat Yevropa tomon kelishi ehtimoli mavjud eronlik qochqinlar sonini aniq baholay olmayapti.
Shuningdek, Kansler AQSH va Isroilni vaziyatni barqarorlashtirish uchun tezroq muzokara boshlashga chaqirdi.
2011-yil boshlangan Suriyadagi fuqarolik urushi ko‘hna qit’a tomon ulkan migratsiya to‘lqinini keltirib chiqargan. 2015-yil jarayon eng yuqori nuqtasiga yetib, o‘sha yil faqat Germaniyaning o‘ziga taxminan bir million qochqinni qabul qilgan. Bu holat mamlakat ijtimoiy tizimiga kuchli bosim o‘tkazgan.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA