Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eronda yetakchi siyosiy islohotchilar hibsga olindi (+video)
16:41 / 2026-02-10

Eron hukumati yetakchi siyosiy islohotchilarni hibsga olmoqda.

Bu AQSH bilan yadroviy muzokaralar qayta tiklanayotgan, shuningdek AQSH va Isroil tomonidan harbiy tahdidlar kuchaygan bir paytda yuz bermoqda, deb xabar berdi Euronews.

Eron rasmiylari mamlakatdagi islohot talab siyosiy harakatning yuqori lavozimli vakillarini qo‘lga oldi. Ommaviy axborot vositalari keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari kamida to‘rt nafar mashhur islohotchini hibsga olgan. Bu hibslar ko‘chadagi norozilarni ta’qib qilishdan tashqari, endi taniqli siyosiy arboblarni nishonga olishga o‘tilganini bildiradi. 

Qo‘lga olinganlar orasida bir necha islohotchi guruhlarni birlashtiruvchi Islohotchilar fronti rahbari Ozar Mansuriy va diplomat Muhsin Aminzoda ham bor.

Shuningdek, 1979 yilda talabalar tomonidan AQSHning Tehrondagi elchixonasining bosib olinishiga boshchilik qilgan Ibrohim Askarzoda ham qo‘lga olingan. Bu hibslarni 86 yoshli Oyatulloh Ali Humonaiyni iste’foga chiqishga chaqirgan bayonot bilan bog‘liq deyishmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Tehron prokuraturasi to‘rt nafar shaxs hibsga olinganini ma’lum qilgan, yana boshqalar so‘roqqa chaqirilgan. Prokuratura ularni AQSH va Isroil tomonidan harbiy tahdidlar kuchaygan paytda mamlakatda beqarorlik keltirib chiqarishga urinishda ayblamoqda.

Nobel tinchlik mukofoti sohibi, hozirda qamoqda bo‘lgan Nargiz Muhammadiyga yetti yildan ortiq qo‘shimcha qamoq jazosi berildi. Bu hokimiyatning namoyishlar bostirilishini tanqid qiluvchilarni butunlay jim bo‘lishga majburlash niyatida ekanini ko‘rsatadi. 

Qattiq bosimlar namoyishlardan keyin kuchaygan. Inson huquqlari tashkilotlari va Eron ichidagi manbalarga ko‘ra, namoyishlar bostirilishi natijasida 30 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan deyiladi, ammo aniq raqamlar hanuz bahsli. O‘n minglab odamlar hibsga olingan.

Bu hibslar Tehron va Vashington o‘rtasida diplomatik aloqalar qayta jonlanayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi. O‘tgan hafta ikki davlat Omanda yadroviy muzokaralar o‘tkazdi. 

Yakshanba kuni Tehrondagi diplomatik yig‘ilishda so‘zga chiqqan tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy Eron hukumati uranni boyitish huquqi bo‘yicha o‘z pozitsiyasidan qaytmasligini bildirdi. Bu masala AQSH prezidenti bilan asosiy kelishmovchilik nuqtalaridan biri bo‘lib, Tramp mabodo muzokaralar barbod bo‘lsa, harbiy choralar bilan tahdid qilgan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham shu hafta Vashingtonga tashrif buyurishi kutilmoqda. U yerda o‘tkaziladigan muzokaralar asosan Eron masalasiga bag‘ishlanishi reja qilingan.

Vashington Tehronga bosim o‘tkazish va zarurat tug‘ilsa harbiy zarba berish imkoniyatini saqlab qolish maqsadida dengiz hamda havo kuchlarini Yaqin Sharqqa joylashtirdi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/w5Te2_JDodg" title="Eronda yetakchi siyosiy islohotchilar hibsga olindi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA