Eronning bir necha viloyatida o‘quvchi qizlar ommaviy zaharlanishi holatini tekshirish davom etmoqda. Ayni payt mamlakatning bir qator shaharlarida yana o‘nlab o‘quvchi qizlar zaharlangani ma’lum qilingan.
“IRNA” rasmiy axborot agentligi xabariga ko‘ra, Shimoliy Xuroson, Fors, Rizovi-Xuroson, Isfaxon, Ilom va Xuziston viloyatlarida zaharlanish bilan bog‘liq yangi holatlar aniqlangan.
Shimoliy Xuroson ta’lim boshqarmasi bosh direktori Abulqosim Akbariy aytishicha, Bojnurd shahridagi ikki maktabdan 46 nafar o‘quvchi zaharlanish alomati bilan kasalxonaga yotqizilgan. Bolalar ko‘ngil aynishi, holsizlik va bosh aylanishidan shikoyat qilishgan. Xayriyatki, hozir ularning ahvoli qoniqarli.
Fors viloyatining Sheroz va Seriston shaharlarida xuddi shunday belgi bilan 24 kishi kasalxonaga yotqizilgan. Ayni ko‘ngilsiz voqea Elam viloyatining Eyvan shahri, Isfaxon viloyatining Koshon shahri, Rizovi Xurosonining Mashad shahri va Xuziston viloyatining Ahvaz shahrida ham takrorlangan.
Xabar qilinishicha, Xuziston viloyatining olti shahrida hozirgacha 700 nafar qiz bola zaharlangan, ulardan 200 nafari shifokor nazoratida.
Eron maktablaridagi ommaviy zaharlanish holati 2022 yil 30 noyabrdan beri qayd etilyapti. Qum, Loriston, Tehron, Ardabil, Kirmonshoh, Simnon, Mozandaron, Choharmahal va Baxtiyoriya, Elburz, Shimoliy Xuroson, Zanjon, Fors, G‘arbiy Ozarbayjon, Xuziston va Rizovi Xuroson viloyatlarida ikki mingdan ortiq o‘quvchi qiz zaharlangan.
Ma’lumotga ko‘ra, mamlakatda bir necha oydan beri davom etayotgan norozilik aksiyalarida 10 mingdan ortiq odam hibsga olingan. Qarorgohi Norvegiyada joylashgan Eron Inson huquqlari tashkiloti (IHR) 9 yanvar kuni 22 yoshli Mahsa Aminiy o‘limi sabab boshlangan ommaviy namoyishlarda 481 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
O‘zA