Eronda ikki hafta avval hukumatga qarshi boshlangan norozilik namoyishi tinmayapti. “Reyter” agentligi inson huquqlari tashkilotlariga tayanib xabar berishicha, tartibsizlik natijasida hozirgacha 500 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Qurbonlarning 490 nafari namoyishchi, 48 nafari xavfsizlik xodimi ekani tasdiqlandi. Bundan tashqari ikki hafta davomida 10 600 ga yaqin fuqaro hibsga olingan. Ushbu ma’lumot Eron ichkarisi va tashqarisidagi faollardan olingan ma’lumotlarga asoslangan. Binobarin, muxolifatga qarashli “Iran International” telekanali ma’lum qilishicha, “eng kam hisob-kitobga ko‘ra, mamlakatda so‘nggi 48 soat ichida halok bo‘lganlar soni 2000 nafarga yetgan”.
Ko‘rinib turibdiki, bu galgi qo‘zg‘olon avvalgilaridan ko‘lami bilan keskin farqlanmoqda. Qolaversa, hozirgi holat sabablari ham boshqacharoq ekani aytilyapti. Bu fikr so‘nggi yarim asrda Eron boshdan kechirgan yirik norozilik harakatlari sabablari tahlil qilinganda yanayam oydinlashadi. Umuman, 1979 yilgi inqilobdan bugungi notinchlik davrigacha kuzatilgan namoyishlar ko‘pincha mamlakat tarixida burilish nuqtalarini belgilab bergan.
Masalan, o‘tgan asr 70-yillari oxirida Shoh Muhammad Rizo Pahlaviy rejimidan norozilik jamiyatning turli sohalari, jumladan talabalar, neftchilar va ziyolilar orasida keng tarqaldi. Ommaviy namoyish siyosiy erkinlik va ijtimoiy adolatni talab qildi. O‘sha payt og‘ir kasal bo‘lgan Shoh kuchli bosim tufayli mamlakatdan chiqib ketdi. Fevral oyiga kelib Oyatulloh Ruhulloh Humayniy rahbarligida boshlangan inqilob Islom Respublikasi tashkil topishiga olib keldi. Yangi rejim qat’iy shia teokratiyasini o‘rnatdi va repressiya keng tarqaldi. Minglab odam qatl etildi yoki qamoqqa tashlandi. 1980 yillardagi Eron – Iroq urushida ko‘p qon to‘kilishi, siyosiy qatag‘on bir necha yil davom etishi asnosida ommaviy norozilik harakati to‘xtadi.

Yana bir yirik namoyish 1999 yil faollar va ziyolilarning “zanjirli qotilliklari” jamoatchilik g‘azabini qo‘zg‘atishi sabab yuzaga keldi.
Norozilik Tehron universiteti kampusida boshlandi: talabalar qotilliklar bo‘yicha tergov o‘tkazilishi va fuqarolik huquqi himoya qilinishini talab qilib ko‘chalarga chiqdi. Xavfsizlik kuchlari tomonidan namoyish keskin bostirilishi tartibsizlikni yanada avj oldirdi. O‘shanda kamida uch kishi halok bo‘lgan, taxminan 1200 odam hibsga olingan.
2009 yil yozda Mahmud Ahmadinajodning g‘alabasi sifatida e’lon qilingan bahsli prezidentlik saylovi natijasi ham millionlab eronliklar ko‘chalarga chiqishiga sabab bo‘ldi. “Yashil harakat” nomini olgan bu ommaviy namoyish xavfsizlik kuchlari tomonidan zo‘ravonlik bilan bostirildi. Natijada o‘nlab fuqaro halok bo‘ldi, minglab odam hibsga olindi, yuzlab insonlar jarohatlandi.

Yana bir yirik namoyishga mamlakatda yuzaga kelgan iqtisodiy holat sabab bo‘lgan. 2017 yil oxirida aholi ko‘chalarga chiqib, oziq-ovqat narxi ko‘tarilishi, hukumatning kambag‘allarga naqd pul to‘lovini kamaytirish rejasiga norozilik bildirdi. Mashhadda boshlanib, o‘nlab shaharlarga tarqalgan tartibsizlik chog‘i 20 dan ko‘p namoyishchi hayotdan ko‘z yumdi, yuzlab odam qo‘lga olindi.
2019 yil noyabr oyida Eron rasmiylari subsidiyalangan benzin narxi keskin oshganini e’lon qildi. Oqibatda navbatdagi ommaviy norozilik boshlandi. Ko‘chaga chiqqanlar, jumladan, yonilg‘i quyish shoxobchalari, bank va do‘konlarga o‘t qo‘yishdi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, o‘shanda 300 dan ziyod odam halok bo‘lgan. Rasmiylar ma’lumot tarqalishini cheklash maqsadida internetga kirishni vaqtincha o‘chirib qo‘ygan.
Aytish mumkinki, 2022 yil Mahsa Aminiyning o‘limiga qarshi ko‘tarilgan norozilik ko‘lami bo‘yicha avvalgilaridan ancha farq qildi.

Shu yil sentyabr oyida axloq politsiyasi tomonidan hijobni noto‘g‘ri kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli Mahsa Aminiy mahkamada o‘lim topdi. Bu esa mamlakatda kuchli norozilik uyg‘otdi. BMT tergovchilari Eronni qizning o‘limiga olib kelgan jismoniy zo‘ravonlik uchun javobgar, deb topdi. Bir necha oy davom etgan norozilik to‘lqini natijasida 500 dan ko‘p inson jon berdi, 22 000 kishi hibsga olindi.
Hozirgi namoyishlar esa mamlakat iqtisodiy inqirozni boshdan kechirayotgani va sanksiyalar hamda Isroil bilan kechgan 12 kunlik urush oqibatida yanada kuchaygani aytilmoqda. Xususan, “Associated Press” yozishicha, milliy valyuta qiymati keskin pasayib, bir dollar 1,4 million rialga tenglashdi. Turgan gapki, bu xalq qarshiligiga sabab bo‘ldi. Norozilik tezda butun mamlakat bo‘ylab tarqaldi. Ayni payt rasmiylar ommaviy mitinglarni bostirish maqsadida internet va telefon aloqasini uzib qo‘ygan.
S.Rahimov, O‘zA sharhlovchisi