O‘tgan juma kuni Eronda prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, mamlakat sud hokimiyatining rahbari Ibrohim Raisiy saylovda g‘alaba qildi, deb bayonot berdi mamlakat Ichki ishlar vaziri Abdulrizo Rahmaniy Fazli.
"Ibrohim Raisiy eng ko‘p ovoz olib, Eronning navbatdagi prezidenti bo‘ldi", — dedi Fazli matbuot anjumanida.
Xabarda ta’kidlanishicha, saylovda jami 59 million 310 ming 307 kishi ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan. Shundan 28 million 933 ming 4 kishi ovoz berish jarayonida ishtirok etgan.
"Saylovda qatnashganlar 48,8 foizni tashkil etdi", — dedi vazir matbuot anjumanida.
Bundan avvalgi bo‘lib o‘tgan 12 ta prezidentlik saylovining birortasida ham ovoz beruvchilar ko‘rsatkichi 50 foizdan pastga tushmagan edi.
Raisiyning barcha raqibi uning g‘alabasini tan olgani aytilmoqda.
Ommaviy axborot vositalari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Raisiy payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallamning avlodlari hisoblangan Sayidlar oilasida tug‘ilgan va Islomning asosiy intellektual markazi bo‘lgan Qumdagi seminariyasida o‘qigan.
Raisiy 2017 yilda ham prezidentlik saylovida ishtirok etgan edi. O‘shanda u amaldagi prezident Ruxoniyga mag‘lub bo‘lgandi.
Raisiyning saylovoldi va’dalari mamlakatda korrupsiya va inflyatsiyaga qarshi kurashish ekani aytilmoqda.