Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eronda Oliy Rahbar odatda qanday tanlanadi?
11:03 / 2026-03-04

Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Humonaiyning halokati mamlakatda jiddiy siyosiy inqiroz xavfini yuzaga keltirdi. Hozircha davlatni uch tomonlama muvaqqat kengash boshqarmoqda. Binobarin, konstitutsiyaga ko‘ra, yangi Oliy Rahbarni tayinlash vakolati 88 nafar a’zodan iborat Ekspertlar kengashiga tegishli. Ayni payt Qum shahrida joylashgan mazkur uyushma binosiga ham zarba berilgani haqida xabarlar tarqalgan.

Qonunchilikka binoan, asosan yuqori martabali diniy ulamolardan tashkil topgan Ekspertlar kengashi mamlakat oliy rahbarini saylash huquqiga ega. Tegishli qaror qabul qilingunga qadar, hokimiyat vaqtincha kengash qo‘liga o‘tgan. Bu tarkibda Prezident Mas’ud Pezeshkiyon, sud hokimiyati rahbari G‘ulomhusayn Muhsiniy-Ijoiy va Qo‘riqchilar kengashi a’zosi Oyatulloh Alirizo Arofiy bor.

Mazkur mexanizm Eron tarixida ikkinchi marta ishga tushdi. Ilk bor 1989-yil Oyatulloh Ruhulloh Xumayniy vafotidan keyin shu usul qo‘llanganda Ali Humonaiy voris sifatida saylangan edi. Avvalgidan farqli o‘laroq, urush sharoitida kechayotgani bois hozirgi vaziyat ancha murakkab tus olgan.

Ehtimoliy vorislar orasida bir necha nufuzli shaxs tilga olinmoqda. Ulardan biri – Humonaiyning o‘g‘li Mujtoba konservativ doira vakillari va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘llab-quvvatloviga egaligi aytilmoqda. Shuningdek, sud tizimi rahbari G‘ulomhusayn Muhsiniy-Ijoiy va diniy ulamolar orasida ta’siri kuchli Alirizo Arofiyda ham imkoniyat yuqori.

Siyosiy tahlilchilar sobiq Prezident Hasan Ruhoniy, Ruhulloh Humayniyning nabirasi Hasan Humayniy, shuningdek Larijoniylar oilasi vakillari Sodiq A’moliy Larijoniy va Ali Larijoniy nomini ham tilga olishmoqda. Ayniqsa, Ali Larijoniy milliy xavfsizlik va tashqi siyosat maydonida muhim o‘rin egallayotgani sababli, asosiy da’vogarlardan biri sifatida ko‘rilyapti.

Mutaxassislar fikricha, hozirgi inqiroz Eron siyosiy tizimi uchun jiddiy sinovdir. Agar Islom Respublikasi tuzumi saqlanib qolsa, yangi rahbar ham mavjud siyosiy elita doirasidan tanlanishi ehtimoli yuqori. Qolaversa, urush va iqtisodiy bosim sharoitida ayni qaror mamlakat kelajagini belgilab berishi mumkin.

Musulmon Ziyo, O‘zA