Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eronda iqtisodiy inqiroz chuqurlashmoqda (+video)
18:03 / 2025-12-30

Eronda milliy valyuta, rialning qadrsizlanishi va moliyaviy vaziyatning keskin yomonlashuvi ortidan mamlakat bo‘ylab keng ko‘lamli norozilik namoyishlari avj oldi. Tehron va boshqa yirik shaharlarda 2022 yildan beri bunday qamrovdagi noroziliklar yuz bermagan, deyiladi Yevronyus xabarida.

Dushanba kuni 1 AQSH dollarining kursi 1,4 million rialdan oshib, tarixiy eng past darajaga tushdi. Eron Markaziy banki rahbari Muhammad Rizo Farzinning iste’fosi vaziyatni yanada keskinlashtirdi. Noroziliklarning asosiy markazi Tehrondagi Grand-bozor atrofida yuz bermoqda. Bu yerda savdogarlar ommaviy ravishda do‘konlarini yopishgan. Ushbu harakatlar Eronning boshqa yirik shaharlarida ham qo‘llab-quvvatlandi.

Namoyish ishtirokchilari moliyaviy inqirozning yanada chuqurlashishidan xavotir olishmoqda. Valyutaning keskin qadrsizlanishi inflyatsiya bosimini kuchaytirib, aholi uchun oziq-ovqat, dori-darmon va kundalik ehtiyoj tovarlari narxining oshib ketishiga sabab bo‘lmoqda.  

Davlat statistika markazi ma’lumotlariga ko‘ra, dekabr oyida inflyatsiya darajasi 42 foizdan oshgan. Oxirgi bir yil ichida oziq-ovqat mahsulotlari narxi 72 foizga, dori-darmon va tibbiy mahsulotlar narxi esa 50 foizga oshgan.

Hukumatning 21 martda ya’ni yangi yildan soliqlarni oshirish rejalari haqidagi xabarlar jamoatchilikda yanada katta tashvish uyg‘otmoqda.  

Shuningdek, 2019 yildan beri ilk bor benzin narxlari ham ko‘tarilgan. Kelasi yil byudjeti loyihasida maoshlar va pensiyalarni 20 foizga indeksatsiya qilish ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich amaldagi inflyatsiya darajasidan ancha past.

Ijtimoiy tarmoqlar va internetda tarqalgan videolarda Eron shaharlari ko‘chalarida huquq-tartibot organlari va maxsus bo‘linmalarning kuchaytirilgan tarzda joylashtirilgani aks etgan. Ayrim joylarda namoyishchilar bilan to‘qnashuvlar, odamlarni kuch ishlatib tarqatish holatlari kuzatilgani xabar qilinmoqda.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda norozilik aksiyalarini yana davom ettirishga chaqiriqlar paydo bo‘ldi. Eron hokimiyati esa yuzaga kelgan vaziyatni tashqi kuchlar tomonidan amalga oshirilayotgan “psixologik va iqtisodiy bosim” bilan izohlamoqda.

Eron 40 yildan ortiq vaqtdan beri xalqaro sanksiyalar ostida yashab kelmoqda. Mamlakat neftini to‘liq hajmda eksport qila olmaydi, chunki tashqi moliyaviy aktivlari muzlatilgan. Iyun oyida AQSH ko‘magida Isroil tomonidan Eronning yadroviy ob’ektlariga avia zarbalarberildi. Bu esa Tehron va Vashington o‘rtasida sanksiyalarni yumshatish bo‘yicha olib borilgan bir necha oylik muzokaralarni yana to‘xtatib qo‘ydi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/a6iLNDCzRsM" title="Eronda iqtisodiy inqiroz chuqurlashmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Kenja Bekjonov, Nishonboy Abduvoitov, O‘zA