Bugungi global siyosatda harbiy yoki mafkuraviy qarama-qarshilik bilan bir qatorda energetika tizimida yuz berayotgan o‘zgarishlar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Energetikada dunyo iqtisodiyoti qariyb 150 yil davomida ko‘mir, neft va gazga tayanib keldi. Endi esa davlatlar bosqichma-bosqich quyosh, shamol, vodorod va energiya saqlash texnologiyalariga asoslangan yangi tizimga o‘tmoqda.
Ko‘pincha ekologik zarurat sifatida talqin qilinadigan bu holat, aslida, global kuchlar muvozanatini qayta shakllantirayotgan geosiyosiy jarayondir. Energiya ustidan nazorat endi faqat yer osti boyliklariga emas, balki texnologiya, innovatsiya va sanoat quvvatiga ham bog‘lanmoqda. Ayniqsa uglevodorod eksportiga tayangan davlatlar uchun ayni o‘zgarish strategik moslashuvni talab qiladi.
Geografiyadan texnologiyacha
Britaniyalik geosiyosatchi Tim Marshall davlatlar siyosatini tushunishda geografiya asosiy omil ekanini aytadi. Uning fikricha, davlatlar mafkura yoki yetakchi xohishiga emas, balki joylashuv, resurs va transport yo‘li imkoniyatiga qarab harakatlanadi. XX asr geosiyosati aynan neft atrofida qurilgan edi: kim energiya manbalarini nazorat qilsa, o‘sha siyosiy ta’sirga ega bo‘lardi.
Yashil energetika bu tasnifni o‘zgartirmoqda. Endi ustunlik quyosh paneli, shamol turbinasi, batareya va vodorod texnologiyasi salohiyati bilan belgilanmoqda. Energiya ishlab chiqarish markazlashgan konlarga bog‘liq bo‘lmay qoldi. Bu resursga boy, ammo texnologik taraqqiyoti cheklangan yurtlar uchun yangi chaqiriqni yuzaga chiqarmoqda.
Eronning an’anaviy geosiyosiy ustunligi
Eron uzoq vaqt davomida energetika geografiya tufayli strategik ahamiyat kasb etib keldi. Mamlakat dunyo miqyosida eng ko‘p gaz zaxirasiga, ulkan neft resurslariga ega. Fors ko‘rfazi va Kaspiy mintaqasi oralig‘ida joylashuv, Xormuz bo‘g‘oziga yaqinlik bu o‘lkaga global energiya savdosida bilvosita ta’sir imkonini bergan.
1979-yildan keyingi iqtisodiy model asosan neft daromadiga tayandi. Davlat byudjeti uglevodorod eksportidan shakllanib, subsidiya orqali ichki ijtimoiy barqarorlik ta’minlandi. Arzon yonilg‘i, energiya narxi davlat va jamiyat o‘rtasidagi norasmiy ijtimoiy shartnomaga asos bo‘ldi. Global energiya tranzitsiyasi esa bu uslubni bosqichma-bosqich zaiflashtirmoqda. Uzoqroq muddatda neftga talab pasayishi kutilyapti. Oqibatda Islom Respublikasining an’anaviy kuch manbai qisqarishi mumkin.
Energiya tanqisligi va ichki bosim
Anglashilmovchilik shundaki, yirik gaz zaxirasiga ega davlat ichki energiya tanqisligi muammosiga duch kelmoqda. Yozda elektr ishlab chiqarish talabga nisbatan ancha kamayib, keng ko‘lamli uzilish yuz bermoqda. Bunga bir necha omil sabab: subsidiyalangan narx tufayli ortiqcha iste’mol, infratuzilma eskirgani, gazni yoqib yuborish amaliyoti, investitsiya yetishmovchiligi.
Agar neft daromadi qisqarsa, subsidiya tizimini asrash yanada qiyinlashadi. Natijada ijtimoiy va siyosiy bosim kuchayishi mumkin. Shu bois yashil energetika Eron uchun ekologik tashabbus emas, balki ichki barqarorlik garoviga ham aylanmoqda.
Yashil energetika: imkoniyat va cheklov
So‘nggi yillarda Eron qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish bo‘yicha jiddiy rejatuzdi: 2027-yilgacha 20 GV, 2030-yilgacha qo‘shimcha 10 GV va 2031-yilgacha 50 GV quvvatga erishish. Elektr energiyasining 30 foizini qayta tiklanuvchi manbalardan olish maqsadi ham ilgari surilgan. Bundan tashqari mamlakat tabiiy salohiyatga ham ega: keng cho‘l hududi yuqori quyosh radiatsiyasiga ega, Zagros va Elbrus tog‘ tizmalari shamol energetikasi uchun qulay.Binobarin, haqiqiy ko‘rsatkich hali past darajada. Qayta tiklanuvchi energiya umumiy ishlab chiqarishning juda kam qismini tashkil etadi. Asosiy ulush hanuz issiqlik elektr stansiyalariga to‘g‘ri keladi.
Xalqaro sanksiya mamlakat oldidagi asosiy to‘siqdir: texnologiya almashinuvi, xorijiy investitsiya va global moliyaviy tizimga integratsiya cheklangan. Tabiiyki, yashil transformatsiya jarayoni sekinlashuvi ortidan mamlakat muqobil hamkorlarga qaram bo‘lib qolishi mumkin. Keyin yangi turdagi geosiyosiy bog‘liqlik yuzaga keladi.
Eron hozir bir yo‘la ikki yo‘nalishda harakatlanyapti: qayta tiklanuvchi energetikani kengaytirish va gaz ishlab chiqarishni oshirish orqali an’anaviy eksport salohiyatini saqlab qolish. Kelgusi yillarda gaz qazib olishni sezilarli darajada oshirish rejasi mavjud. Ya’ni, mamlakat yaqin va o‘rta muddatda global gaz bozoridagi o‘rnini saqlab qolishga intilyapti. Uzoq muddatli xavfsizlikni esa diversifikatsiya orqali ta’minlashga harakat qilmoqda.
Geosiyosiy qayta joylashuv ehtimoli
Yashil energetika global kuch markazlarini qayta shakllantirmoqda. Tarixan ko‘mir davrida Buyuk Britaniya, neft davrida Yaqin Sharq markazga aylangan. Yangi davrda esa texnologiya ishlab chiqaruvchi davlatlar ustunlikka ega. Agar Eron yashil energetikani texnologik rivojlanish, mintaqaviy hamkorlik va diplomatik ochiqlik bilan uyg‘unlashtira olsa, Yaqin Sharqda yangi geoiqtisodiy markazlardan biriga aylanadi. Aks holda, energiya tranzitsiyasi mamlakatning nisbiy geosiyosiy ahamiyatini kamaytirishi ehtimoli mavjud. Xullas, yashil energetika Eron uchun shunchaki iqtisodiy modernizatsiya loyihasi emas, balki davlatning kelgusi geosiyosiy mavqeini belgilovchi strategik omil.
Kuch XX asrda geografiya va resursga bog‘liq edi, XXI asrda texnologiya va innovatsiyaga tayanmoqda. Eron neft davridagi geosiyosiy merosini saqlab qolishga urinadimi yoki yangi energetika tizimidagi asl o‘rnini topadimi? Bu tanlov mamlakatning nafaqat iqtisodiy istiqboli, balki mintaqaviy va global siyosatdagi rolini ham belgilaydi.
Musulmon Ziyo, O‘zA