Isroil bilan iyun oyidagi 12 kunlik nizodan so‘ng Islom Respublikasining yadroviy dasturi atrofidagi bahslar yanada kuchaydi. Havo zarbalari natijasida Eronning asosiy yadroviy ob’ektlari jiddiy shikast olgani ortidan mamlakat rahbariyati yadroviy qurol yaratishga yashirincha ruxsat bergani haqida taxminlar paydo bo‘ldi.
AQSH tomoni hozircha bunday qaror qabul qilinganini tasdiqlamayapti. Rasmiylarga ko‘ra, Tehron hali ham yadroviy qurol yaratish dasturini rasman boshlamagan. G‘arb matbuoti Eronda yadroviy qurol mavzusi ochiq muhokama qilinayotgani, bu esa siyosiy va harbiy doiralarda kayfiyat o‘zgarganidan dalolat berishini qayd etmoqda.

Italiyadagi ISPI tahlil markazi esa mutlaqo boshqacha manzarani tasvirlamoqda. Unga ko‘ra, o‘lka oliy rahbari Xomanaiy 2024 yil kuzida ballistik raketalar uchun mo‘ljallangan ixcham yadroviy zaryadlar ishlab chiqishga ruxsat bergan bo‘lishi mumkin. Biroq uranni 90 foizgacha boyitish bo‘yicha hali qaror qabul qilinmagani aytilmoqda.
Ekspertlar fikricha, texnik jihatdan Eron imkoniyatlari ancha yuqori. Xalqaro atom energiyasi agentligi ma’lum qilishicha, Isroil bilan ziddiyatdan oldin Tehron ixtiyorida 60 foizgacha boyitilgan 440 kilogrammdan ortiq uran bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich yadroviy qurol uchun kerakli darajaga juda yaqin. Ammo yadroviy zaryadni ixcham holatda raketalarga joylashtirish ancha murakkab va yillar talab qiladigan jarayon.
Eron parlamenti a’zolari va oliy rahbarga yaqin maslahatchilar mamlakatga tahdid yuzaga kelsa, mudofaa doktrinasi o‘zgarishi mumkinligini ochiq aytmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA