Bir necha oy avval Eron Islom Respublikasi Prezidenti doktor Mas’ud Pezeshkiyon va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov o‘rtasidagi uchrashuv chog‘ida ikki xalq munosabatlari kelajagiga oid aniq qator tashabbusslar ilgari surilgan edi. Bunday kelajak o‘zaro hurmat, umumiy madaniy va sivilizatsion meros, shuningdek tinchlik va mintaqaviy barqaror taraqqiyot sari yakdil intilish tamoyiliga asoslangan.
O‘sha muhim uchrashuvda Eron Prezidenti shunday ta’kidladi:
– Eron va O‘zbekiston – bir tananing ajralmas ikki bo‘lagi, madaniyati, ilmi va e’tiqodi asrlar davomida yonma-yon rivojlanib kelgan ikki yurt. Geografik chegara hech qachon xalqlarimizni bir-biridan ajrata olmagan.
Bu fikr chuqur tarixiy haqiqatni anglatadi: Nishopurdan Samarqandgacha, Buxorodan Sherozgacha madaniyat, ilm-fan va ma’naviyat ruhi odamlarimiz tomiridagi qon bilan asrlar davomida birga oqqan.
UNESCO Bosh konferensiyasi O‘zbekistonda o‘tkazilishi bu zamindagi boy madaniy va sivilizatsiya merosining yana bir yorqin dalili bo‘ldi. Fursatdan foydalanib, tarixiy shahar Samarqandda o‘tayotgan ushbu nufuzli xalqaro anjumanni yuksak darajada tashkil etgani uchun O‘zbekiston hukumati va mehmondo‘st xalqiga chin dildan minnatdorlik bildiraman.
Mazkur tarixiy tadbir doirasida Kurush (Kir II) silindri UNESCO ro‘yxatiga kiritilishi Eron tomonidan jahon hamjamiyatiga yana bir muhim xabarni yetkazdi: madaniyat – har qanday xalqning “yumshoq kuchi”, Eron va O‘zbekiston esa insoniyatning bebaho merosini asrab-avaylab kelayotgan ikki buyuk makondir.
Eron Islom Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi bilan madaniy, ilmiy, ta’limiy va turistik hamkorlikni kengaytirish yo‘lida yangi qadamlar tashlashga tayyor.
Bizning Madaniy meros, turizm va hunarmandlik vazirligimiz Fan, Madaniyat va Islom yo‘riqnomasi hamda Ta’lim vazirliklari bilan hamkorlikda ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlar, olimlar, tadqiqotchilar va san’atkorlar almashinuvini kengaytiruvchi qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga intiladi.
Biz qat’iy ishonamizki, muloqot, hamkorlik va o‘zaro hurmat – mintaqamizda tinchlik va taraqqiyotni ta’minlash, yanada farovonlikka erishishning asosiy kalitidir.
O‘tmishda bo‘lgani kabi, bugun ham Eron va O‘zbekiston Markaziy Osiyo va Islom olamida madaniyat, ilm va ma’naviyat tug‘ini birgalikda baland ko‘tara oladi.
Samarqand bizga shuni yana bir bor eslatdiki, madaniyatning chegarasi yo‘q. Oramizda masofa yo‘q – Eron va O‘zbekiston rishtasi umumiy tarix, ruhiy yaqinlik va mushtarak sivilizatsion meros bilan mustahkamlangan.
Doktor Sayyid Rizo Solihiy Amiriy,
Eron Madaniy meros, turizm va hunarmandlik vaziri,
O‘zA