Eron va Bahrayn diplomatik munosabatni tiklamoqchi
Eron va Bahrayn 2016 yilda uzilgan diplomatik munosabatni tiklash maqsadida ikki tomonlama muzokara boshlashga kelishib oldi. Bahrayn tashqi ishlar vaziri Abdul Latif bin Rashid Az-Zayaniy va Eron tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Ali Bagiriy Qaniy o‘rtasida 23 iyun kuni Tehronda bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunida ushbu qarorni e’lon qilishdi.
Darvoqe, Bahrayn diplomatiyasi rahbari Osiyo hamkorlik muloqoti tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida ishtirok etish uchun Tehronga kelgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2016 yil 2 yanvarda Saudiya Arabistonida terrorda ayblanib, 47 kishi, jumladan shia ulamosi Nimr An-Nimr ham qatl etilgan. Shundan so‘ng Tehronda namoyishchilar Saudiya Arabistoni elchixonasi va qirollikning Mashhaddagi bosh konsulligiga o‘t qo‘ydi. Ushbu voqealardan so‘ng ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqa uzildi.
O‘shanda aksar arab davlatlari Ar-Riyoddan o‘rnak olishdi: 2016 yil yanvarda Bahrayn ham Eron bilan diplomatik munosabat to‘xtaganini bildirgan.