Agar Tehronning yadroviy qurol dasturidan voz kechishi Eron va AQSH muzokarasi asosiy mavzusiga aylansa, darhol kelishuvga erishish mumkin, deya bayonot berdi Oliy rahnamo Oyatulloh Ali Humonaiyning katta maslahatchisi Ali Shamhoniy.
Islom Respublikasi Mudofaa kengashi kotibi bo‘lgan Shamhoniy ijtimoiy tarmoq orqali Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tayotgan muloqotning navbatdagi bosqichiga izoh berarkan, shunday dedi:
– Agar muzokara davomida asosiy masala sifatida yadro quroli yaratilishiga yo‘l qo‘ymaslik mavzusi ko‘tarilsa, bu Eron rahbarining diniy farmoni va mamlakat mudofaa doktrinasiga to‘g‘ri keladi. Shunda tezkor kelishuvga erishish mumkin. Muzokara uchun asosiy mas’ul hisoblangan tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy bunday bitimni tuzish uchun yetarli darajada qo‘llab-quvvatlov va vakolatga ega.
Kecha ertalab Eron va Qo‘shma Shtatlar delegatsiyalari Jenevadagi O‘mon elchixonasida o‘zaro keskinlik va AQSHning G‘arbiy Osiyodagi harbiy ishtiroki kuchayishi asnosida muzokaraning uchinchi davrasini boshladi. Dastlabki ikki bosqich oy boshida Maskatda va Jenevada bo‘lib o‘tgan.
G.Sattorova, O‘zA