Bugun jahonning markaziy axborot manbalari Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiyning Ar-Riyodga rasmiy tashrifi doirasida Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan uchrashganiga alohida e’tibor qaratmoqda.
“Reuters” yozishicha, bu muloqot chog‘ida Isroilning mintaqadagi tajovuzi va ikki tomonlama masalalar ko‘rib chiqilgan.
– Shahzoda mintaqadagi inqiroz kuchayishi, urush avj olishidan chuqur xavotir bildirarkan, barcha davlatlar mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni saqlashga alohida e’tibor qaratishi kerakligini ta’kidladi, – deb yozgan “Arab News”. – Bin Salmon, shuningdek, o‘tgan yil Eron va Saudiya o‘rtasida erishilgan kelishuvlar ijrosidan mamnunligini aytib, ikki tomonlama munosabat ijobiy rivojlanishiga ishonch bildirgan.
Tashqi ishlar vaziri, o‘z navbatida, yaxshi qo‘shnichilik munosabatini chuqurlashtirish Eron hukumati uchun ustuvor ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, Tehron mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik, farovonlik va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash tarafdori ekaniga urg‘u bergan.

Eron TIV saytida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, Araqchiy so‘nggi mintaqaviy o‘zgarishlar, jumladan Livan va Suriyaga tashrifi haqida gapirib, mahalliy rasmiylar bilan maslahatlashuv o‘tkazganini ochiqlagan. Mintaqadagi barcha davlatlar jipslashishi, Isroil hujumlarini zudlik bilan to‘xtatish, G‘azo va Livandagi infratuzilmani batamom yo‘q qilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun bor imkoniyatni ishga solish muhimligini qo‘shimcha qilgan.
“The Times of Israel” ham ushbu muloqotni e’tiborsiz qoldirmadi.
– Eng yirik neft eksportchisi Saudiya Arabistoni so‘nggi yillarda Tehron bilan siyosiy yaqinlashuvga erishdi. Bu mintaqadagi keskinlikni yumshatishga yordam bersa-da, munosabatlar qiyinligicha qolmoqda. Yaqin Sharq o‘tgan hafta Eron amalga oshirgan hujumga Isroilning javobini kutyapti. Tehron 1 oktyabr kuni Hizbulloh yetakchisi Hasan Nasrulloh o‘ldirilishiga javob tariqasida Isroilga qarata 200 ga yaqin ballistik raketa uchirdi, – deyilgan axborotda.
Ikki mamlakat vakillari muloqoti orqali munosabat darajasiga baho berayotgan, turli rakursdan talqin qilayotgan axborot agentliklari orasida Xitoyning “Sinxua” nashri ham bor. Manba o‘quvchilar e’tiborini Eron va Saudiya Arabistoni o‘tgan yil aprelda zudlik bilan diplomatik munosabat tiklanishini rasman e’lon qilganiga qaratdi.
– Saudiya 2016 yil boshida mamlakatning Erondagi diplomatik vakolatxonalariga uyushtirilgan hujumga javoban diplomatik aloqani uzgan edi, Eronning bu harakati Saudiyada shia ulamosi qatl etilishi ortidan sodir bo‘lgan, – deya voqeani eslatgan Xitoy nashri.
Eron TIV, shuningdek, mintaqada barqarorlik va xavfsizlikka erishish uchun Isroil tajovuzini zudlik bilan to‘xtatish zarurligini qayd etyapti. Ijtimoiy tarmoqdagi izohida Araqchiy bin Salmon bilan uchrashuvda ikki davlatning mushtarak tashvishlariga oid muhim masalalar muhokama qilinganini aytdi. Bir kunlik ziyorat doirasida u hamkasbi Faysal bin Farhon bilan ham uchrashgan.
Eron vaziri Ar-Riyoddagi muzokaralardan so‘ng Dohada yuqori martabali rasmiylar bilan uchrashish uchun Qatarga yo‘l olgan.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA