Eron Islom Respublikasining “ARALSU” kompaniyasi Buxoro viloyati Jondor tumanida uchta yirik loyihani amalga oshirishini rejalashtirgan. Bu bilan qo‘shimcha 15 million dollar investitsiya kiritiladi. 500 yangi ish o‘rni yaratiladi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov Jondor tumanida kompaniya direktori Fatema Rajabpur bilan uchrashdi. Istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.

– Biz O‘zbekistonda xorijlik hamkorlar uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlardan juda mamnunmiz, – deydi kompaniya direktori Fatema Rajabpur. – Ayniqsa, suv tejamkor texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan taklifimiz bugun har tomonlama qo‘llab-quvvatlandi. Bizning uskunalarimiz mutaxassislar tavsiyasi asosida o‘rganib chiqilib, fermerlarga yetkazilmoqda. 15x15 va 20x20 o‘lchamdagi 2 suv tindirgichda o‘rnatiladigan nasoslar to‘liq avtomatlashgan holda ishlaydi. Ahamiyatli tomoni, agregatlardagi filtrlarni tozalash kompyuter orqali amalga oshiriladi. Filtr suv saqlagichlari va quvurlar ham chidamli xom ashyodan tayyorlangan. Ko‘p yil xizmat qilishga mo‘ljallangan. Nasos stansiyasi uchun 32 kVt elektr energiyasi kifoya qiladi. Yer osti bosh magistral quvurlar qalinligi 16 millimetr bo‘lib, 30 yilga, yer usti tarqatuvchi quvurlar esa 110 millimetr bo‘lib 20 yilga kafolat beriladi. Purkab sug‘orish moslamalari alyuminiydan tayyorlangani bois, bu yo‘nalishda ham yer egalari 10 yilgacha boshqa qurilmaga ehtiyoj sezmaydi. Biz Buxoroda malakali kadrlar tayyorlashni ham maqsad qilganmiz. Avvalo bir jihatni ta’kidlashim lozim, sho‘rlangan yer sharoitida yuqori hosil olish oson emas. Biz har tomonlama laboratoriya tekshiruvlarini o‘tkazdik. Endigi vazifamiz bu joyga mos ekinlarni tanlash. Viloyat hokimligi tomonidan Jondor tumanidan 30 gektar yer ajratib berildi. Bu maydonda nafaqat paxta, tajriba tariqasida dukkakli ekinlar, dorivor o‘simliklar va bog‘dorchilikni tashkil qilmoqchimiz. Yakunda 500 ishchi o‘rniga ega yaxlit klasterimiz ishga tushadi. Rejalarimiz katta. Eng muhimi O‘zbekistonda shunga yarasha yaxshigina sharoit va imkoniyatlar ham mavjud.
Kompaniya mas’ullarining ta’kidlashicha, ishlab chiqarish jarayonlari kelgusida to‘liq mahalliylashtiriladi. Buxorolik yoshlarning salohiyatini yuksaltirish uchun Xurosonning eng nufuzli oliygohi bilan qo‘shma dastur asosida kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Har yili 50 nafardan ko‘proq agronomlar Eronda tajriba oshirish kurslarida o‘qitiladi.
Zarif Komilov,
O‘zA