Eron Shvetsiyaga elchi yubormaydi
Eron ma’muriy tartib-qoida jarayoni tugallanganiga qaramay, muqaddas Qur’on nusxasi yoqib yuborilgandan keyin Stokgolmga yangi elchisini yuborish qarorini bekor qildi. Bu haqda tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon bayonot berdi.
– Kecha biz mamlakatimizning Shvetsiyadagi yangi elchisi janob Hojatulloh Fag‘oniy bilan batafsil suhbatlashdik, – deb yozgan TIV rahbari ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. – U diplomatik missiyaning hozirgi holati bo‘yicha hisobot berdi.
Abdullohiyon Stokgolmda huquq-tartibot idoralari ruxsati bilan muqaddas kitobni yoqish aksiyasi amalga oshirilgandan keyin shunday qaror chiqarilganini aytdi.
23 iyun kuni Shvetsiya poytaxti markazida iroqlik 37 yoshli Salvon Momika musulmonlarning muqaddas kitobini yoqib yuborgan edi.
O‘zA