Bugun Eron nafaqat tashqi bosim, balki ichki sinov bilan ham yuzma-yuz turibdi. Sanksiya, yadro dasturi bilan bog‘liq taranglik va mintaqadagi keskinlik asnosida Tehron bir vaqtning o‘zida ikki front bo‘ylab harakatlanmoqda: dunyo miqyosida alohida kuch maqomini, mamlakatda esa barqarorlikni saqlab qolish.
So‘nggi oylar Islom Respublikasi uchun muhim burilish davriga aylandi. Ichki norozilik jamiyatdagi chuqur ijtimoiy muammolarni yuzaga chiqardi. Shu bilan birga yadro tizimi bo‘yicha pozitsiya tobora qat’iylashib, ushbu masala endi faqat muzokara vositasi emas, balki strategik tanlov sifatida ko‘rilmoqda. AQSH va Isroil bilan munosabatdagi keskinlik Eronni yanada radikal yo‘l yoki muvozanatli diplomatiyani tanlashga undayotgan asosiy omil bo‘lib tuyulyapti.
Mintaqada esa boshqa jarayon kuzatilmoqda: Saudiya Arabistoni va ayrim qo‘shni davlatlar bilan aloqa asta-sekin tiklanmoqda. Bu Eronning yakkalanishdan chiqish istagini ko‘rsatadimi yoki vaqtdan yutish siyosatimi, hozircha mavhum. Ayrimlar mamlakat iqtisodiy bosimga moslashayotganini ta’kidlaydi. Baribir, ijtimoiy tayanch mustahkamligi hal qiluvchi omildir.
Xalqaro siyosat bo‘yicha ekspert Farhod Tolipov bilan navbatdagi suhbatimiz mavzusi ayni murakkab sharoitga daxldor masalalarni qamrab oladi. Demak, davomida Eronning ichki barqarorligi, yadro dasturining kelajagi, tashqi bosimlar va mintaqaviy diplomatiyaning real mazmuni atroflicha tahlil qilindi. Eng asosiy savol shunday: Eron bugun qarshilikni tanlaydimi yoki kelishuv orqali yangi sahifa ochishga tayyorlanyaptimi?
Javoblar ko‘rsatadiki, Islom Respublikasi taqdiri endi faqat tashqi kuchlar qaroriga bog‘liq emas. Tanlov ichkarida “pishmoqda” va aynan shu tanlov mamlakatning yaqin yillardagi yo‘lini belgilaydi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/GUJhoQ_hiaE" title="Eron: sabr va sinov oralig‘i" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Musulmon Ziyo, Oybek Davronov (video), O‘zA