Eronda ommaviy norozilik namoyishi boshlangandan beri birinchi marta rasman o‘lim soni e’lon qilindi. Bu raqamlar xorijiy inson huquqi tashkilotlari tomonidan aytib kelingan ma’lumotlardan sezilarli darajada farq qiladi.
Rasmiy ommaviy axborot vositalari yozishicha, 1979 yil Islom Respublikasi tashkil etilgandan beri halok bo‘lganlarni kuzatib boruvchi davlat agentligi hisoblangan Shahidlar va faxriylar jamg‘armasi so‘nggi haftalarda yuz bergan fojiali voqealar tufayli 3117 kishi hayotdan ko‘z yumganini tasdiqlagan.
Bayonotda ta’kidlanishicha, ulardan 2427 nafari aholi vakillari yoki xavfsizlik kuchlari xodimlari.
Ushbu ma’lumot mamlakat sud tizimi bilan bog‘liq Eron sud-tibbiyot tashkiloti hisobotiga asoslangan. Voqealar “terror hodisasi”sifatida tasniflandi, qurbonlarning salmoqli qismi tartibsiz otishma va zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan “shahidlar” deya ta’riflandi. Shuningdek, ba’zi namoyishchilar olomon orasida “uyushgan terrorchi unsurlar” tomonidan o‘ldirilgani da’vo qilinmoqda.
Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari hisob-kitobi esaboshqacharoq. Xususan, Eron hukumatini tanqid qiluvchi AQSHda joylashgan HRANA axborot agentligi 4500 dan ortiq norozilik qurbonlarining aksariyati namoyishchilar ekanini ta’kidlagan.
Rasmiylar, jumladan Prezident Mas’ud Pezeshkiyon va tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy bunday statistikani ochiqcha inkor etishgan.
Ma’lumki, Eron oxirgi shohi o‘g‘li Rizo Pahlaviyning muayyan choralar ko‘rishga chaqiruvidan keyin norozilik namoyishi va ko‘cha to‘qnashuvlari kuchaydi. Shundan keyin rasmiylar AQSH va Isroilni “notinchlik qo‘zg‘atuvchilari” sifatida davlat va xususiy mulklarga hujumni qo‘llab-quvvatlashda aybladilar. Politsiya yuzlab hibsga olinganlar haqida xabar berdi, sud tizimi zo‘ravonlik va vandalizmga aloqadorlarga nisbatan “yumshoq munosabat” bo‘lmasligini bildirdi.
Shu asnoda AQSH va Yevropaning qator mamlakatlari Eronga qarshi yangi sanksiya joriy etib, rasmiylarni “norozilik namoyishini keskin bostirish”da aybladi. Yevropa parlamenti Eron diplomatlari bilan aloqani chekladi, mamlakat tashqi ishlar vaziri nomiga yuborilgan Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi taklifnomasi bekor qilindi.
Oliy milliy xavfsizlik kengashi so‘nggi haftalardagi voqealar razvedka idoralari tomonidan iyun oyida sodir bo‘lgan 12 kunlik urushning davomi sifatida baholanganini ma’lum qildi. AQSH va Isroilni vaziyatni keskinlashtirish, ijtimoiy birdamlikni buzish va “milliy irodani sindirish”ga urinishda aybladi.
G.Sattorova, O‘zA