Eron prezidenti Tehron AQSH bilan munosabatlarda muammo qidirmayotganini taʼkidladi
Mintaqadagi mavjud vaziyat muhokama qilingan ushbu suhbat sharhi va mazmuni Eron Islom Respublikasi prezidentining rasmiy saytida berilgan xabarda aks etgan.
Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Yaqin sharq mintaqasida Tehron va Vashington oʻrtasida yuzaga kelayotgan keskin munosabatlarga izoh berarkan, Eron nizolar tomon harakat qilmayotganini bildirdi.
“Eron AQSHning harakatlarini diqqat bilan kuzatib boradi, ammo hech qachon mintaqada keskinlik, aytishuv yoki toʻqnashuvlar tashabbuskori boʻlib qolmaydi“, — dedi Ruhoniy Qatar amiri Tamim bin Hamad Al-Taniy bilan telefon orqali muloqoti chogʻida.
Mintaqadagi mavjud vaziyat muhokama qilingan ushbu suhbat sharhi va mazmuni Eron Islom Respublikasi prezidentining rasmiy saytida berilgan xabarda aks etgan.
Avvalroq AQSH Harbiy dengiz kuchlari Markaziy qoʻmondonligi Eron Islomiy inqilobni qoʻriqlash korpusi katerlari 15-aprel kuni Fors koʻrfazida joylashgan Amerika harbiy kemalari yonida xavf tugʻdiradigan darajadagi mashgʻulotlar oʻtkazgani toʻgʻrisida bayonot bergandi. AQSH harbiylarining qayd etishicha, ushbu katerlar Amerika kemalariga juda yaqin masofadan oʻta yuqori tezliqda “deyarli tegib” suzib oʻtgan. Masalan, eronliklar AQSHning bir kemasidan 45 metr, boshqa kemasidan 10 metr naridan oʻtgan. Faqat oradan bir soatcha oʻtgach, Eron harbiylari amerikaliklar chaqirigʻiga javob berib, hududdan uzoqlashgan.
Eron Islomiy inqilobni qoʻriqlash korpusi, oʻz navbatida bu harakat 6 va 7-aprel kunlari Amerika kemalari tomonidan Eron harbiy kemalariga nisbatan ketma-ket amalga oshirilgan gʻarazli yurishlariga qarshi chora ekanini aytdi. Eronliklar Vashingtonning bu harakatini “gollivudchasiga yurish“, deb atadi va bunday amallar javobsiz qolmasligini bildirdi.
AQSH prezidenti Donald Tramp esa Amerika kemalarining suzishiga xalaqit beradigan Eron katerlarini yoʻq qilish toʻgʻrisida buyruq berganini qayd etdi. Bunga javoban Eron harbiy kuchlari, mabodo xavf tugʻilsa, Amerika kemalari ham oʻqqa tutilishini bildirib, poʻpisa qildi.