Eronda navbatdan tashqari prezidentlik saylovida qatnashish uchun rasman ro‘yxatga olingan nomzodlar soni to‘rt kun ichida 37 nafarga yetdi. “Trend” xabar berishicha, bu haqda mamlakat saylov shtabi vakili Muhsin Islomiy matbuot anjumani chog‘ida ma’lum qilgan.
Bugun ro‘yxatga olishning oxirgi kuni.
Ta’kidlanishicha, 2 iyun kuni 37 arizachidan 20 nafari hujjat topshirgan.
Zuhra Ilohiyon mamlakat tarixida prezident saylovida ishtirok etish uchun hujjat topshirgan va nomzod sifatida ro‘yxatga olingan birinchi eronlik ayol bo‘ldi.
Islomiy 31 may kuni uch nafar eronlik ayolga “(zarur) shartlarga javob bermagani uchun” ro‘yxatdan o‘tish rad etilganini bildirdi.
2005-2013 yillarda davlatni boshqargan Mahmud Ahmadinajod ham ro‘yxatdan o‘tgan.
Barcha da’vogarlar arizasi yetti kun ichida ko‘rib chiqiladi. Tasdiqlangan yakuniy qaror 11 iyun kuni e’lon qilinadi. Shundan so‘ng saylov oldi tashviqoti uchun 15 kun vaqt ajratiladi.
Eronda muddatidan oldin prezidentlik saylovi 28 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Hech bir da’vogar kerakli miqdorda ovoz ololmasa, eng yuqori natija ko‘rsatgan ikki nomzod 5 iyul kuni ikkinchi bosqichda kurashni davom ettiradi.