Yakshanba kuni Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Pokistonga tashrif buyurib, Bosh vazir Shahboz Sharif bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida u o‘zaro tovar ayirboshlash miqdorini 3 milliard dollardan 10 milliard dollarga ko‘tarishni rejalashtirilayotganini bildirdi.
— Barcha yo‘nalish va sohalarda munosabatni chuqurlashtirish va hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha jiddiy qo‘shma sa’y-harakat olib borilmoqda, — deya yetakchining so‘zlarini keltirgan Eron hukumati rasmiy sayti. — Ishonchimiz komilki, savdo amaliyotini mo‘ljallangan darajaga oson va tez yetkaza olamiz.
Ta’kidlanishicha, Eron va Pokiston o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, savdo va madaniy sohalarda turli kelishuvlar bor. Tomonlar endi turizm, logistika, fan va ta’lim aloqalarini ham mustahkamlaydi. Navbatdagi hujjatlar tranzit, jumladan dengiz, temir va avtomobil yo‘llari – chegara bozorini yaratish va muntazam kengaytirib borish, qo‘shma erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini takomillashtirishni nazarda tutadi.
Davlat rahbarlari so‘nggi xalqaro va mintaqaviy voqealarni ham muhokama qilgan.
Pezeshkiyon qo‘shimcha qilishicha, ko‘tarilgan masalalar yuzasidan ikki Islom respublikasining nuqtai nazari juda o‘xshash. Uchrashuvda Isroil bilan raqobatda mintaqa davlatlari sa’y-harakatini birlashtirish zarurligi ham tasdiqlangan.
S.Rahimov, O‘zA