Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisining raisi Muhammad Boqir Qolibof boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov hamrohligida qadim va hamisha navqiron Buxoroni ziyorat qildi.
Mehmonlarni Buxoro xalqaro aeroportida viloyat hokimi Botir Zaripov kutib oldi.
Dastlab mehmonlar Bahouddin Naqshband majmuasini ziyorat qildi. Mehmonlarga mazkur qadamjoning tarixi, mustaqillik yillarida ushbu ziyoratgohda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, tarixiy yodgorliklarning qayta tiklanib, nafaqat respublikamizning barcha hududlaridan, balki ko‘plab xorijiy mamlakatlardan har yili tashrif buyurayotgan minglab sayyohlar uchun ham e’tiborga sazovor joy ekanligi haqida so‘zlab berildi. Shuningdek, musulmon olamida alohida e’tirof etiladigan Xojagon-naqshbandiya ta’limoti, uning asoschilari bo‘lgan buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosi va uni o‘rganish hamda targ‘ib qilish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Taomilga ko‘ra qur’on tilovat qilindi.
[photobank-117082]
Delegatsiya a’zolariga Ark qo‘rg‘oni juda katta qiziqish uyg‘otdi. Kalon minorasi va masjidi XII va XVI asrlar oralig‘ida bunyod etilgan. Bu obidalar Mir Arab madrasasi bilan uyg‘unlashib, go‘zal ansambl hosil qiladi. Ularning me’moriy yechimi ajdodlarimiz madaniyati va san’atining yaqqol ifodasi sifatida bugun ham barchani hayratga solib kelmoqda.
Delegatsiya a’zolari Poyi Kalon, Masjidi Kalon, Labi hovuz majmualarini ham hayrat va havas bilan tomosha qilishdi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA