Eron shimolidagi Hirqoniy o‘rmonida bir necha kundan buyon kuchli yong‘in davom etyapti. Mozandaron viloyatining tog‘li Elit hududida ham ofat kuchaygan.
Jiddiy holat tufayli hukumat xalqaro miqyosda yordam so‘rab, murojaat qildi.
Mahalliy matbuot xabariga ko‘ra, o‘t o‘chiruvchilar, ekologiya xodimlari, ko‘ngillilar va alpinistlar noqulay, og‘ir tabiiy va geografik sharoitda "tilsiz yov"ga qarshi kurashni davom ettirmoqda.
Kuchli shamol va baland o‘sgan o‘t yong‘in tarqalishini tezlashtirmoqda. Ushbu mintaqada faqat cheklangan miqdorda vertolyotdan foydalanish mumkin.
Mamlakat vitse-prezidenti Muhammad Ja’far Qoyimpanoh olovni nazorat ostiga olishning iloji bo‘lmagani uchun do‘st davlatlardan zudlik bilan yordam so‘ralganini aytdi.
- Mintaqa tog‘li hudud bo‘lgani bois yong‘inni faqat o‘z kuchimiz bilan o‘chira olmayapmiz, - dedi Qoyimpanoh. - Boshqa yurtlardan shoshilinch yordam kerak.
Eslatib o‘tamiz, YUNESCO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Hirqoniy o‘rmoni noyob o‘simlik turlari va zaif yovvoyi tabiati bilan dunyoga mashhur.
Ekologlar ogohlantirishicha, olov atrof-muhitga uzoq muddatli zarar yetkazishi mumkin.
G.Sattorova, O‘zA