Eron juma kuni Istanbul shahrida Yevropaning uch davlati – Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya bilan 2015 yil imzolangan yadroviy kelishuv qayta faollashuvi yuzasidan muzokara o‘tkazishni rejalashtirgan. Shu munosabat bilan Islom Respublikasi Xitoy va Rossiya bilan Tehron yadroviy dasturi hamda xalqaro sanksiyaning ehtimoliy qayta qo‘llanilishi bo‘yicha uch tomonlama muloqot tashkil qilmoqchi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Ismoil Baqoiy ma’lum qilgan.
Ko‘hna qit’aning shu uch yetakchi davlati, shuningdek Xitoy va Rossiya 10 yil avval qabul qilingan bitim ishtirokchi tomonlari hisoblanadi. O‘shanda Eron o‘z yadroviy faoliyatini cheklash evaziga xalqaro sanksiyadan ozod etilgan. 2018 yil Donald Trampning birinchi prezidentligi davrida AQSH ushbu kelishuvni bir tomonlama tark etib, Islom Respublikasiga nisbatan qayta sanksiya joriy qilgan. Shundan keyin Eron o‘z yadroviy faoliyatini bosqichma-bosqich kengaytirgani, jumladan uranni 60 foizgacha boyitish bo‘yicha ish olib borgani aytiladi.
Ayni payt Yevropaning uch mamlakati 2015 yildagi hujjatni yana ishga tushirish masalasini ko‘taryapti. Ya’ni, Eron kelishuvga rioya qilmagan taqdirda sanksiya o‘z-o‘zidan qayta joriy qilinishi mumkin.
Baqoiy ta’kidlashicha, Tehron Pekin va Moskva bilan ushbu mexanizm jonlanishining oldini olish yoki ehtimoliy oqibatni yumshatish bo‘yicha hamkorlikni davom ettiradi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga maktub yo‘llab, Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya tegishli majburiyatini bajarmayotgani, kelishuv shartiga sovuqqonlik bilan yondashayotganini iddao qilgan.
Kutilayotgan muzokaralar Eron va Isroil o‘rtasidagi 12 kunlik harbiy mojaro va AQSH Tehrondagi yirik uch yadro ob’ektiga bergan zarbasidan keyingi birinchi diplomatik muloqot sifatida muhim, deyish mumkin. Ziddiyat avj olishi natijasida Eronda taxminan 1100 odam, jumladan o‘nlab harbiylar, yadro mutaxassislari halok bo‘lgan. Isroilda esa 28 kishi qurbon bo‘lgani qayd etilgan.
Eron rasmiylari Tehron yadroviy dasturi faqat tinch maqsadga yo‘naltirilganini ta’kidlab keladi. Ular juma kungi muzokaradan faqat tinch yadroviy dastur bo‘yicha kelishuvga erishish va yevropaliklar tomonidan qo‘llanishi mumkin bo‘lgan sanksiyani bekor qilishni ko‘zlamoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/AQPNIFn5FtU?si=zpmgPjEEKfKnZPFY" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K.Bekjonov, O‘zA