Ayni paytda butun dunyo nigohi Eron – Isroil ziddiyatiga qaratilgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Yaqin Sharqning bu ikki davlati o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar yana qiziydigan ko‘rinadi.
Voqeaning ildizi Isroil armiyasi 1-aprelda Damashqdagi Eron konsulxonasiga 10 dan ziyod eronlik harbiy amaldorning o‘limiga olib kelgan aviazarbalar berishi ortidan boshlandi. Eron tomoni darhol bunga jiddiy javob berishini ma’lum qildi. Natijada Isroilning Falastindagi barcha xunrezliklari go‘yoki “unut” bo‘ldi. Eron timsolidagi tarixiy dushman tahdidi ro‘parasida Isroil siyosiy faollarining ovozi o‘chirildi.
HAMASni batamom yo‘q qila olmagan, garovdagi isroilliklarni ozod qila olmagan Netanyahu Falastin-Isroil nizosi o‘rniga Isroil-Eron ziddiyatini yaratdi.
Eron 14-aprelga o‘tar kechasi Isroilga 300 dan ortiq uchuvchisiz uchoq va raketalarni yo‘naltirgach, AQSH, BMT hamda Isroilning Yevropa va Yaqin Sharq mintaqalaridagi ittifoqchilari tomonlarni vazminlikka chaqirdi. Shu jumladan, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham bayonot bilan chiqib, Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashuvining yangi bosqichidan chuqur xavotir bildirdi.

Rossiya tomoni esa Eronning hujumini “javob reaksiyasi” deya bayonot berdi. Rossiyaning BMTdagi vakili Vasiliy Nebenzya “Eronning bu qadami BMT Xavfsizlik Kengashining sharmandali harakatsizligi va Isroilning Damashqqa bergan zarbasiga javob reaksiyasi bo‘ldi” deya bayonot bilan chiqdi.
Isroil Prezidenti Isaak Gersog Eron hujumini “urush e’loni” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Isroil 1948-yilda davlat bo‘lganidan beri tinchlikka intilmoqda. Hujum kontekstida u Eronni “yovuz imperiya” deb atadi va dunyo bu imperiyaga qarshi turish vaqti kelganini aytdi.
Ko‘p o‘tmay Isroil bu hujumga javoban zarba berishga tayyorligini ma’lum qildi. Biroq AQSH Prezidenti Jo Bayden Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon orqali suhbatlashgach, Isroil bu maqsadidan qaytganini aytdi. Shu o‘rinda AQSH Eron bilan bevosita mojaroga kirishish maqsadi yo‘qligini e’lon qildi.
Xalqaro ekspertlar fikricha, eskalatsiya hech kimga kerak emas, hamma vaziyatni jilovlash niyatida. Isroilning javobi oqibatlari butun mintaqaga ta’sir qilishi mumkin.
Mabodo ikki davlat o‘rtasida rosmana muhoraba ro‘y bergudek bo‘lsa, nafaqat Yaqin Sharq, balki butun dunyo uchun jiddiy xatar yuzaga kelishi turgan gap.
- Eronning Isroilga javobi mintaqada qanday yangi vaziyatni hosil qildi?
- Isroil tomoni Eronga qarshi javob hujumi uyushtirsa, bu qanday ko‘rinishda bo‘ladi?
- Agar bu ziddiyat katta urush darajasiga chiqsa, AQSH, Rossiya, Xitoy kabi katta kuch markazlarining pozitsiyasi qanday bo‘ladi?
Ushbu voqea atrofida paydo bo‘layotgan savollarga javob topish maqsadida bugun studiyamizga siyosiy fanlar doktori Farxod Karimovni taklif etdik.
Suhbatni O‘zAning “YouTube” kanalida ko‘rishingiz mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ww4vh2bhGwk" title="Eron – Isroil ziddiyati: vaziyat endi qanday tus oladi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘tkir Alimov, Asliddin Alijonov (video), O‘zA