Yaqin Sharqdagi eng xavfli geosiyosiy qarama-qarshiliklardan biri hisoblangan Eron – Isroil ziddiyati so‘nggi ikki yilda ochiq harbiy to‘qnashuv bosqichiga yaqinlashdi.
Nihoyat fevral oyi oxirida Isroil raqibiga qarshi zarba berganini ma’lum qildi. Tehron va boshqa bir necha shaharda portlash kuzatildi. Amaliyot Islom Respublikasining yadroviy va raketa dasturini to‘xtatish maqsadida amalga oshirilgani ta’kidlandi.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH bilan muvofiqlashtirilgan ushbu hujumda bir necha harbiy manzil nishonga olingan. Eron tomoni javob choralari ko‘rilishini bildirib, mintaqadagi Amerika bazalariga zarba yo‘llash ehtimolini istisno qilmagan.
Xalqaro tahlilchilar bu voqeani oxirgi o‘n yillikdagi eng xavfli nizolardan biri sifatida baholamoqda. Zero, Eron va Isroil qarama-qarshiligi ko‘p yil davomida asosan soyadagi urush tarzida proksi kuchlar orqali olib borilgan. Endi esa tomonlar bir-biriga bevosita zarba bermoqda.
Soyadagi urushdan ochiq to‘qnashuvga
Eron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat tarixi o‘tgan asrga borib taqaladi. 1979-yil yuz bergan Islom inqilobidan keyin Tehron Isroilni rasman dushman hisoblay boshladi. Shu tariqa o‘zaro munosabat diplomatik darajadan to‘liq harbiy-strategik raqobatga aylandi. Uzoq vaqt bu raqobat asosan uch frontda kechdi: razvedka amaliyoti, kiber hujum va mintaqadagi moyil kuchlar orqali bosim. 2024-yilda esa vaziyat keskin o‘zgardi. Suriyadagi Eron diplomatiya vakolatxonasiga berilgan havo zarbasidan keyin Eron ilk bor Isroilga bevosita yuzlab dron va raketa uchirdi. Natijada ikki davlat o‘rtasidagi qarama-qarshilik yangi bosqichga chiqdi. Ayni voqea strategik nuqtai nazardan muhim burilish bo‘ldi. Binobarin, shu paytgacha Eron Isroilga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qilishdan tiyilib kelgan edi.
2025-yilgi urush
2025-yil iyun oyida vaziyat yanada keskinlashdi. Isroil Eronning yadroviy ob’ektlari, raketa bazalari va energetika infratuzilmasiga qator zarbalar berdi. Bu amaliyot ehtimoliy yadroviy qurol dasturini to‘xtatish maqsadida amalga oshirilgani ta’kidlandi. Islom Respublikasi esa yuzlab ballistik raketa va dron orqali javob yo‘lladi. Tahlilchilar fikricha, ushbu 12 kunlik urush mintaqaning strategik manzarasini tubdan o‘zgartirdi. Mazkur voqea Tehron uchun 1988-yildan keyingi eng og‘ir harbiy sinovlardan biri bo‘lgani qayd etiladi. Urushdan keyin ikki davlat o‘rtasidagi qizil chiziqlar deyarli yo‘qoldi. Avvalgi yillarda tomonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qilishdan qochgan bo‘lsa, endi bunday cheklov amalda ishlamay qoldi.
Mutaxassislar mojaro avj olishiga asosiy sabab sifatida bir necha omilni ko‘rsatadi. Birinchi – yadroviy dastur. G‘arb davlatlari Eron yadro quroli yaratishga yaqin, deb hisoblaydi. Ayrim hisobotlarda ushbu mamlakat nazariy jihatdan bir nechta yadroviy bomba tayyorlash imkonini beradigan 60 foizgacha boyitilgan uran zaxirasiga egaligi keltiriladi. Islom Respublikasi bunday ayblovni inkor etib keladi va o‘z dasturi faqat tinchlik maqsadiga qaratilganini ta’kidlaydi.
Ikkinchi omil – mintaqaviy ta’sir uchun kurash. Eron Livandagi Hizbulloh, G‘azodagi guruhlar va Yaman husiylarini qo‘llab-quvvatlaydi. Isroil esa buni o‘z xavfsizligiga tahdid, deb hisoblaydi. Shu bois yahudiy davlati raqib infratuzilmasini oldindan yo‘q qilish strategiyasini ma’qul ko‘radi.
Uchinchi omil – G‘azo urushi va 2023-yildan keyingi vaziyat. HAMAS hujumidan keyin Isroil mintaqadagi barcha dushmanlariga nisbatan anchayin tajovuzkor munosabat bildirmoqda. Bunday strategiya ham Eron bilan to‘qnashuv ehtimolini keskin oshiradi.
Qudratli davlatlar manfaati
Eron – Isroil mojarosi allaqachon shunchaki ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyat doirasidan chiqib, global geosiyosatning bir qismiga aylangan. AQSH asosiy strategik ittifoqchi sifatida Isroilni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab keladi. Masalan, 2026-yil AQSH mintaqadagi salohiyatini oshirish maqsadida zamonaviy F-22 qiruvchi samolyotlarini Isroilga joylashtirdi. Rossiya va boshqa ayrim davlatlar esa Eron bilan diplomatik va harbiy hamkorlikni kuchaytirmoqda. Xususan, Moskva va Tehron o‘rtasida yangi havo himoya tizimi bo‘yicha kelishuv muhokama qilingani aytiladi. Demak, mojaro yirik geosiyosiy raqobatga aylanayotgandek.
Oxirgi zarbalar tufayli nizo yanada xavfli bosqichga ko‘chdi. AQSH va Isroil Erondagi qator ob’ektlarga hujum uyushtirgani haqida xabarlar tarqaldi. Eron ham javob berilganini ma’lum qildi. Ayrim tahlilchilar bu harakatlarni mintaqaviy urushning ilk bosqichi sifatida baholamoqda.
Endi nima bo‘ladi?
Hozir dunyo ekspertlari voqealar bir necha ehtimoliy yo‘nalishda rivojlanishini bashorat qilmoqda. Birinchisi – cheklangan urush. Ayni holatda tomonlar bir-biriga zarba berishda davom etadi, ammo to‘laqonli mintaqaviy urushga kirishmaydi. So‘nggi yillar solnomasi aynan shu mazmunga yaqin.
Ikkinchisi – mintaqaviy eskalatsiya. Agar urushga Hizbulloh, xusiylar yoki boshqa kuchlar to‘liq qo‘shilsa, butun Yaqin Sharq qamrab olinishi mumkin.
Uchinchi ssenariy – diplomatik kelishuv. Yevropa davlatlari va xalqaro tashkilotlar Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha muzokarani tiklashga urinmoqda.
Xulosa shuki, Eron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat nafaqat ikki davlat xavfsizligi, balki butun Yaqin Sharq barqarorligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Mabodo, diplomatik mexanizm ishlamasa, bu qarama-qarshilik XXI asrning eng yirik mintaqaviy urushiga aylanishi ehtimoli yo‘q emas.
Dilshod Hakimov,
O‘zA sharhlovchisi