Eron Islom Respublikasining Fors viloyati hokimi Xosseyn Ali Amiriy boshchiligidagi delegatsiya Surxondaryo viloyatiga keldi.
Mehmonlar janubdagi voha bilan tanishuvni islom olamining buyuk allomasi Hakim at-Termiziy maqbarasini ziyorat qilish bilan boshladi. Qur’on tilovat qilindi.


Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov va Fors viloyati hokimi Xosseyn Ali Amiriy boshchiligida ikki tomonlama delegatsiyalar ishtirokida kengaytirilgan muzokara bo‘lib o‘tdi.



Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Eron Islom Respublikasi Oliy diniy rahbari Oyatulloh Said Ali Xomaniy hamda Prezident Mas’ud Pezeshkiyonning siyosiy irodasi, o‘zaro do‘stona muloqotlari tufayli yangi, strategik bosqichga ko‘tarilgani alohida qayd etildi. Tomonlar bu jarayonda hududlararo hamkorlikni mustahkamlab, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy va gumanitar sohalarda amaliy aloqalarni kengaytirish muhim ekanini ta’kidladi.
Muzokaralarda sanoat, tog‘-kon, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, savdo, logistika, transport, to‘qimachilik, turizm, ta’lim, tibbiyot, farmatsevtika va sog‘lomlashtirish sohalarida hamkorlik istiqbollari muhokama etildi. Erondan O‘zbekistonga sitrus mevalar, kartoshka va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish, bu yo‘nalishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovlarini yo‘lga qo‘yish, Surxondaryo viloyatida Eron pistasini yetishtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, turizm, oliy ta’lim va tibbiyot sohalarida ham o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun katta imkoniyat borligiga e’tibor qaratildi. Surxondaryo va Fors viloyatlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzolandi.


Fors viloyati hokimi Xosseyn Ali Amiriy Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovni viloyat delegatsiyasi bilan Fors viloyati markazi — Shiraz shahriga taklif etdi.


Eron delegatsiyasining Surxondaryo viloyatidagi safari davom etmoqda.
Safar doirasida Eron va O‘zbekiston tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Uchrashuvlarda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, xalqaro logistika va sanoat hamkorligini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama etilishi kutilmoqda. Shuningdek, mehmonlar ertaga vohadagi sanoat korxonalari, xalqaro savdo va logistika markazlari hamda turistik va ziyorat ob’ektlari bilan tanishadi.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri