Bugungi kunda Eronda oltin shunchaki investitsiya vositasi emas, balki mamlakatdagi siyosiy va iqtisodiy vaziyatning eng aniq ko‘rsatkichiga aylangan. Aholining katta qismi uchun oltin narxining keskin oshishi fond bozori yoki rasmiy statistikadan ko‘ra ancha kuchliroq signal beradi, chunki ushbu o‘lkada tilla asrlar davomida moliyaviy barqarorlik va ijtimoiy kafolat vazifasini bajargan.
Eron madaniyatida oltin ayniqsa, ayollar uchun norasmiy “ijtimoiy sug‘urta” hisoblanadi. U uy-ro‘zg‘or xarajatlaridan yig‘ilgan mayda jamg‘armalar, meros yoki mahr (nikoh vaqtida kuyov tomonidan kelin uchun kafolat sifatida beriladigan moliyaviy majburiyat) shaklida saqlanadi. To‘y marosimlarida oltin taqinchoqlar xaridi eng katta xarajatlardan biri bo‘lib kelgan.
Shunga qaramay, so‘nggi yillarda milliy valyuta — rialning keskin qadrsizlanishi bu an’anaviy tizimni izdan chiqardi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi sakkiz yil ichida Eronda o‘rtacha yillik inflyatsiya 43 foizni tashkil etgan. Bu degani, tovar va xizmatlar narxi 17 baravardan ko‘proq oshib, aholining xarid qobiliyati qariyb 94 foizga yo‘qolgan. 2018 yilda 1 dollar 43 ming rial atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 2026 yilga kelib u 1 million 470 ming rialga yetdi.

Islom respublikasida rasmiy va “qora bozor” kursi o‘rtasidagi farq vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Rasmiy kurs asosan hukumatga yaqin doiralarga xizmat qilayotgani, oddiy aholi esa qimmat erkin bozor kursiga tobe ekani iddao qilinadi. Natijada odamlar pulni bankda yoki fond bozorida saqlashga ishonmay qo‘ygan.
Global miqyosda oltin narxi ham oshdi, ammo Eronda bu jarayon ikki barobar og‘ir kechdi. Xalqaro bozorda narx sakkiz yil ichida taxminan 230 foizga ko‘tarilgan bo‘lsa, Eronda 18 karatli oltin narxi 115 baravardan ko‘proq oshdi. Bir paytlar eng kam ish haqi oluvchi ishchi bir oyda bir necha gramm oltin sotib ola olgan bo‘lsa, bugun uning oyligi atigi yarim grammga yetadi. Bu holat Eronda oltinni jamg‘arma emas, balki “tirik qolish” vositasiga aylantirdi.
Shu sabab, bozorda xatti-harakatlar o‘zgardi. Qimmat taqinchoqlar o‘rnini “ikkinchi qo‘l” oltin, siniq buyumlar va 1 grammli kichik quymalar egalladi. Hatto bo‘lib-bo‘lib oltin sotib olish amaliyoti paydo bo‘ldi. Jon boshiga daromad bo‘yicha Eron dunyoda quyi o‘rinda turgan bo‘lsada, oltin iste’moli bo‘yicha yetakchi davlatlar qatoriga kiradi. Bu shuni anglatadiki, eronliklar daromadining juda katta qismini oltinga yo‘naltirmoqda. Barqaror iqtisodiyotlarda ortiqcha mablag‘ bank, aksiyalar yoki obligatsiyalarga tikiladi. Eronda esa faqat oltin ishonchli deb hisoblanadi.
Mamlakat aholisi rialni imkon qadar tezroq oltinga aylantirmoqda, chunki u oson sotiladi va inqirozda qadrsizlanmaydi, biroq bu ham yangi muammoni tug‘dirdi: moliyaviy xavfsizlik endi jismoniy xavfsizlik bilan almashdi. Eronliklar endi oltinni qanday saqlash haqida ham xavotirga tushmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA