French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eron: ichki va tashqi xavf (+video)
09:32 / 2026-02-01

Xavfli nuqtalar

Bugungi global siyosiy maydonda shunday davlatlar borki, bu mamlakatlardagi beqarorlik faqat ichki jarayon bilan cheklanmaydi, balki butun mintaqa va hatto xalqaro xavfsizlikka ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

“Xavfli nuqtalar” ko‘rsatuvi bu gal ana shunday muhim hududlardan biri – Eron haqida so‘z yuritadi.

Eron Islom Respublikasi Yaqin Sharqdagi eng yirik, ta’sir doirasi keng davlatlardan biridir. Mamlakat poytaxti – Tehron. Maydoni taxminan 1,65 million kvadrat kilometr, aholisi qariyb 89 million. Rasmiy tili – fors tili, pul birligi – rial.

Ushbu mamlakat geografik jihatdan strategik ahamiyatga ega hududda joylashgan: shimolda Kaspiy dengizi, janubda Fors ko‘rfazi va O‘mon dengizi bilan tutash. Iroq, Turkiya, Ozarbayjon, Armaniston, Turkmaniston, Afg‘oniston va Pokiston bilan chegaradosh bu o‘lkaning salmoqli qismi Zagros va Elbrus tog‘ tizmalari, shuningdek cho‘l va tekisliklardan iborat. Asosan quruq va issiq iqlimi iqtisodiyot, xususan transport tizimi va harbiy strategiyaga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Hozirgi davlat tuzumi 1979 yil uyushtirilgan Islom inqilobi natijasida shakllangan. Monarxiya bekor qilinib, mamlakat Islomiy Respublikaga aylangan o‘sha davrdan buyon boshqaruvda diniy va siyosiy hokimiyat o‘zaro uyg‘un faoliyat yuritib kelmoqda.

Eron o‘ziga xos siyosiy tizimga ega: eng yuqori hokimiyat Oliy Rahbar qo‘lida jamlangan. Bu lavozimda hozir Ali Humonaiy. Prezident ijro hokimiyatiga rahbarlik qiladi, parlament qonunlarni qabul qiladi. Binobarin, hech bir qonun Konstitutsiyani muhofaza qiluvchi kengash tomonidan diniy va huquqiy jihatdan tasdiqlanmaguncha, kuchga kirmaydi. Shu bois siyosiy qarorlar, jumladan norozilik namoyishiga nisbatan munosabat markazlashgan tarzda belgilanadi.

Mamlakat aholisining taxminan 90 foizi shia mazhabiga mansub musulmonlardan iborat. Qolgan qismi sunniy musulmonlar, xristian, yahudiy va zardushtiylardan tashkil topgan. Din davlat siyosatida muhim o‘rin tutishi sababli, ijtimoiy norozilik ko‘pincha mafkuraviy yoki diniy omil bilan bog‘liq holda namoyon bo‘ladi.

Ko‘p millatli ushbu davlatda forslardan tashqari ozarbayjon turklari, kurdlar, arablar, balujlar va turkmanlar yashaydi. Ayrim hududlarda etnik va ijtimoiy tengsizlik muammosi ichki beqarorlikni kuchaytiruvchi omil sifatida saqlanib qolmoqda.

Eron dunyodagi eng yirik neft va gaz zaxirasiga ega davlatlardan biri sanaladi. Energetika sohasi, kimyo sanoati, metallurgiya va qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridir. Afsuski, ko‘p yillardan beri amal qilib kelayotgan G‘arb sanksiyasi mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Inflyatsiya va ishsizlik darajasi oshib borishi, aholining sof daromadi pasayishi jamiyatda norozilik kayfiyatini kuchaytirgan.

Aksar tahlilchilar 2025 yil 28 dekabrda boshlangan keng ko‘lamli namoyishning asosiy sababini ham iqtisodiy inqiroz, narx-navo ko‘tarilishi, og‘ir mehnat sharoiti va siyosiy erkinlik cheklanishi bilan bog‘lamoqda. Tehron, Rasht, Fardis, Malakshohi kabi shaharlar norozilik harakatlari markaziga aylandi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, oxirgi inqiroz tufayli taxminan 3 000 inson halok bo‘lgan. Mustaqil manbalar esa qurbonlar sonini 5 000 dan 30 000 nafargacha, deya baholamoqda. Qo‘zg‘olonchilar iqtisodiy islohot o‘tkazish, siyosiy erkinlikni kengaytirish va amaldagi siyosiy tizimga nisbatan norozilikni ochiq ifoda etish talablarini qo‘ymoqda.

Ichki beqarorlik ortidan Eron atrofidagi geosiyosiy bosim ham kuchaymoqda. AQSH va ittifoqchilar tomonidan sanksiya, diplomatik bosim va siyosiy ta’sir davom ettirilmoqda. Natijada Islom Respublikasi nafaqat ichki, balki xalqaro miqyosda ham xavfli nuqta sifatida baholanmoqda.

Eron boy tarix, murakkab siyosiy tizim va ko‘p millatli jamiyatga ega. Afsuski, hozirgi ichki siyosiy va iqtisodiy muammolar, davom etayotgan norozilik namoyishlari va tashqi bosim mamlakatni jiddiy sinov qarshisida qoldirgan. Eng yomoni hududdagi har qanday keskinlik Yaqin Sharq barqarorligi va global xavfsizlikka ham bevosita ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.

Bu “Xavfli nuqtalar” ko‘rsatuvi edi. Yer yuzidagi eng notinch, beqaror hududlarga oid tahliliy chiqishlarimizni kuzatib boring.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/LH3z60_7jaY" title="Xavfli nuqtalarEron: ichki va tashqi xavf " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA