Eronning “Fars” axborot agentligi Ekspertlar assambleyasining yangi Oliy Rahbarni tanlash bo‘yicha ovoz berish jarayoni yakuniy bosqichda ekanligini xabar qildi. Ma’lumotga ko‘ra, muzokara xavfsiz joyda olib borilyapti, natija yaqin soatlar yoki kunlarda e’lon qilinishi mumkin.
Xavfsizlik nuqtai nazaridan muhokama va ovoz berish masofaviy usuldan foydalanilgan holda, “bevosita qatnashmasdan” o‘tkazilyapti.
Ta’kidlanishicha, Humonaiy hayoti davomida aniq vorisni aytmagan, tanlash huquqini faqat Ekspertlar Assambleyasiga topshirgan. Faqat kelgusi rahbar uchun asosiy talab sifatida “tashqi bosimga qarshilik ko‘rsata olish, jasorat, halollik, adolat, zamonaviy voqelikni tushunish va yetakchilik qobiliyati” belgilanishi lozimligini tayinlagan.
Ko‘p o‘tmay “Iran International” nashri Ekspertlar assambleyasi IIQK bosimi ostida Humonaiyning o‘g‘li Mujtobani Islom Respublikasining keyingi Oliy Rahbari etib tanlagani haqida ma’lumot tarqatdi. Bu ma’lumot hali rasman tasdig‘ini topgani yo‘q.
Ma’lumki mamlakatdan tashqarida yashayotgan Eron muxolifati yetakchisi Rizo Pahlaviy “agar rejim o‘zgarsa, mamlakatga qaytishi”ni aytgan. AQSH Prezidenti Donald Tramp Oliy yetakchi o‘limidan so‘ng Vashington muxolif arbob Pahlaviy nomzodi kelajakdagi rahbar sifatida jiddiy ko‘rib chiqilmaganini aytgan.
Tramp Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda shunday degan:
– Ba’zilar Pahlaviyni yoqtiradi, lekin biz bu haqda umuman o‘ylamaganmiz. Menimcha, Eron ichidan kimdir hokimiyatga kelsa, maqsadga muvofiqroq. Afzal yo‘l mamlakat “ichida” bir shaxs paydo bo‘lishi.
Oq uy rahbari “eng yomon holat – avvalgisi kabi yovuz odam hokimiyatga kelishi” ekanini ta’kidlab, Eronga “mamlakatni xalqqa qaytaradigan” rahbar zarurligini qo‘shimcha qilgan.
Umuman, Eronda yangi rahbariyat shakllanishi urush qisqa yoki uzoq cho‘zilishiga aniqlik kiritishi mumkin. Masalan, Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan “TRT Haber”ga bergan intervyusida Eronda yangi hokimiyat paydo bo‘lishi urushni tugatish uchun imkoniyat yaratishi mumkinligi, afsuski hali keng ko‘lamli mojaro xavfi jiddiy tashvish bo‘lib turganiga urg‘u bergan.
Shuningdek, u Eronning mintaqadagi mamlakatlarga hujumini keskin tanqid qildi:
– Eron vositachi davlatlar – O‘mon, Qatar, Kuvayt, Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Iordaniyani beparvolik bilan bombardimon qilishi nihoyatda noto‘g‘ri strategiya.
Fidan Tehronning mantig‘ini quyidagicha ta’rifladi:
– Strategiya shunday: Agar cho‘ksam, butun mintaqani o‘zim bilan birga pastga tortaman.
AQSH – Isroil hujumi va Eronning qasos choralariga izoh berarkan, Turkiya tashqi siyosat idorasi rahbari shunday dedi:
– Agar Eron tomoni AQSH Prezidenti Donald Tramp duch kelayotgan ichki bosimni yaxshiroq tushunganida va oldindan muayyan qadamlar qo‘yganida, Isroil bosimi bunchalik samarali kechmasligi mumkin edi.
S.Rahimov, O‘zA