Eron bilan yadroviy kelishuv Tramp uchun qay darajada muhim?
AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashington tashqi siyosati bilan bog‘liq ayrim masalalar bo‘yicha ko‘zlangan natijaga erisha olmadi. Shuning uchun ham u Tehron bilan muzokara jarayoni o‘z g‘alabasi yoki mag‘lubiyatini belgilaydigan omil, deb hisoblaydi. Ayni mazmundagi bayonotni Eron parlamenti komissiyasi Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat bo‘yicha a’zosi Abulfazl Zuhrovand muzokaraning yaqin orada bo‘lib o‘tishi kutilayotgan ikkinchi davrasi oldidan “RIA Novosti”ga bergan.
– Tramp nima qilsa, muvaffaqiyatsizlikka uchrayapti, – dedi u. – Kanada va Grenlandiya, Ukraina, Xitoy va G‘azo sektori masalasida hech narsaga erisha olmadi.
Siyosatchi ishonch bilan ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar hozir “juda og‘ir ahvolda” va bu haqda faqat Trampning o‘zi va uning jamoasi bilishi mumkin. Yetakchi “savdo urushi”ni boshlash bilan Yevropa davlatlari va Xitoyning keskin noroziligiga duch keldi. Amerika valyutasi ham, Isroil ham yomon ahvolda. Demak, AQSH qaysidir nuqtada, Yaqin Sharq yoki o‘z hududida “inqiroz to‘foni”ga duch kelishi mumkin.
S.Rahimov, O‘zA