Eron bilan muzokara muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda AQSH rejani o‘zgartirishi kerak
Vashingtonning Tehron bilan yadroviy muzokarasi muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, AQSH ikkinchi rejani o‘ylashi kerak, Eron esa o‘z yo‘lida davom etadi, dedi Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy. Bu haqda SNN yozgan.
Ikki kun oldin O‘mon tashqi ishlar vaziri Badr Al-Busaidiy ijtimoiy tarmoqda bu ikki davlat o‘rtasidagi bilvosita muzokaraning beshinchi davrasi 23 may kuni Rimda o‘tishini e’lon qilgandi. O‘sha kuni Eron TIV rasmiy vakili Ismoil Bog‘iy mamlakati ushbu muzokara davrasida bo‘lishini tasdiqladi.
Ma’lumki, 11 may kuni Eron o‘z yadro dasturi bo‘yicha AQSH bilan muzokaraning to‘rtinchi davrasini o‘tkazdi. Arag‘chiy tomonlar qarashi bir-biriga yaqinlashgani, ijobiy o‘zgarish kuzatilayotganini tasdiqlagan. Shu bilan birga Eron Qo‘shma Shtatlar bilan o‘zaro ishonchni mustahkamlash uchun uranni boyitish darajasini moslashtirishga tayyorligi, ammo bu jarayondan butunlay voz kechish niyatida emasligini ta’kidlagan.